15:55 / 12.03.2021
5098

Samarqand viloyatida 2020 yilda 458 nafar soliqchiga intizomiy jazo qo‘llanilgan, yana bir qanchasiga jinoyat ishi ochilgan

Samarqand viloyatida 2020 yilda ish faoliyati davomida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun 458 nafar soliq xodimiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Yana bir qanchasiga korrupsion holatlar uchun jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, soliq xodimlari tadbirkorlarga maslahatchi va ko‘makchi bo‘lishi lozimligi haqida uqtirilib, ularga keng imkoniyatlar yaratilib, ishonch bildirib kelinayotganiga qaramasdan, ayrim soliq xizmati xodimlari tomonidan qonun buzilishi holatlari va jinoiy xatti-harakatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, Pastdarg‘om tumani soliq inspeksiyasi xodimi B. xizmat mavqeyidan foydalanib, fuqaro A.ga qarashli fermer xo‘jaligining soliq to‘lovlaridan bo‘lgan 2,7 million so‘mlik soliq qarzdorligini yo‘q qilib berishi evaziga 1,5 million so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan vaqtida ushlangan.

2020 yil 24 noyabr kuni Payariq tumani soliq inspeksiyasi mutaxassisi N. fuqaro B.ga tegishli restoran faoliyatiga rahnamolik qilib kelishi evaziga undan 500 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini talab qilib, jinoiy sherigi A. orqali olgan vaqtida ushlangan.

Jomboy tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i A. 2020 yil mart oyida Jomboydagi korxonadan mebel jihozlarini olib, pullarining bir qismini bermaganligi sababli, korxona rahbari yuqori tashkilotlarga ariza bilan murojaat qiladi. Shundan so‘ng, A. qasd olish maqsadida soxta ma'lumotlar asosida ushbu korxonada sayyor tekshiruv o‘tkazib, korxona rahbarini ma'muriy javobgarlikka tortgan. Mazkur holat yuzasidan 2021 yil 30 yanvar kuni jinoyat kodeksining 1922-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ta'kidlanishicha, ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun 2020 yilda viloyat soliq xizmati organlarining 458 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Viloyat hamda hududiy davlat soliq inspeksiyalari xodimlarining harakatlari yuzasidan 2020 yilda birgina tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan qilingan murojaatlar asosida jami 15 marotaba xizmat tekshiruvlari o‘tkazilgan.

Xususan, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahar, Payariq, Paxtachi, Bulung‘ur, Narpay, Jomboy tumani soliq inspeksiyalari xodimlariga nisbatan 1 tadan, Oqdaryo, Urgut, Samarqand tumani soliq inspeksiyalari hamda viloyat boshqarmasi xodimlariga nisbatan 2 tadan murojaatlar kelib tushgan.

Bundan tashqari, Oqdaryo tumani soliq inspeksiyasi Jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi xodimlari S., R., B., Yu., B. va A.lar soxta ma'lumotnoma tayyorlab, o‘zlariga biriktirilgan hududlarda yashovchi fuqarolardan 263 ta holatda 55,9 million so‘m pullarni yer va mulk solig‘i sifatida qabul qilib olib, ushbu pul mablag‘larini belgilangan tartibda tijorat banklariga yoki soliq inspeksiyasi g‘aznasiga topshirmasdan o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan hozirda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 2020 yilda viloyat soliq idoralarining noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha:

  • 21 ta protest keltirilgan;
  • 25 ta taqdimnoma kiritilgan;
  • 3 nafar soliq xodimi ma'muriy javobgarlikka tortilgan;
  • 18 nafar soliq xodimi intizomiy javobgarlikka

tortilgan;

  • 1 nafar soliq xodimi rasman ogohlantirilgan;
  • Sudga 1 million 850 ming so‘mlik 1 ta da'vo ariza kiritildi, natijada besh nafar fuqaroning huquqlari tiklangan.
Top