15:35 / 12.03.2021
1957
Toshkentda «Raqamli avlod qizlari» forumi o‘tkazildi

Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi va «Digital Generation» NNT Toshkentda «Raqamli avlod qizlari–2021» forumini tashkil etdi.

Forumdan maqsad – qizlarning axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish; tanqidiy fikrlash va yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirish; iqtisodiyotning texnologik sohalarida gender muammolari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish kabilardan iborat.

Tashkilotchilar taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, 1241 nafar qiz forumda qatnashish istagini bildirib, ulardan 45 nafari ikki bosqichli saralash asosida tanlab olingan.

«Bunda ularning bilim va tajribasi, jamoada ishlash qobiliyatlari, tashabbuskorligiga alohida e'tibor qaratildi. Chunki ular forumdan so‘ng hududlarda IT sohasiga qiziqadigan qizlarga ta'lim berishadi. Shu orqali o‘z o‘rganganlarini ulashadilar», – deyiladi relizda.

Ochilish marosimidan so‘ng, qatnashchilar hafta davomida malakali mentorlardan veb-dasturlash, grafik dizayn, loyihalarni boshqarish yo‘nalishlarida bilim olishdi va guruhlarga bo‘lingan holda ta'lim, tibbiyot, turizm sohalarida ma'lum ijtimoiy muammo yechimiga yo‘naltirilgan loyiha ishlab chiqishdi.

Yopilish marosimida 15 ta jamoa o‘z loyihalarini hakamlar hay'atiga taqdim etadilar. Hakamlar hay'ati xulosasiga ko‘ra, eng dolzarb va innovatsion deb topilgan loyihalar rag‘batlantiriladi.

Top