20:16 / 12.03.2021
2256
Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida 6ta grant shartnomasi imzolandi

Yaponiya bilan sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish va sohani zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan ta'minlash maqsadida qiymati 500 ming dollarga teng bo‘lgan 6ta grant shartnomasi imzolandi.

Bugun, 12 mart kuni O‘zbekiston-Yaponiya markazida «Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam» dasturi bo‘yicha shartnoma imzolandi. «Dunyo» nashri ma'lum qilishicha, tadbirda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish va sohani eng so‘nggi tibbiyot uskunalari bilan ta'minlash maqsadida qiymati 500 ming dollarlik 6ta grant shartnomasi imzolangan.

«Bugungi kungacha kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam dasturi asosida hamkorlikda umumiy qiymati 28,5 million dollarlik to‘rt yuzdan ziyod kelishuv va loyihalar amalga oshirildi», dedi Yaponiya elchixonasi vakili Atsushi Suda.

Shartnomaga ko‘ra, ajratilgan mablag‘lar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazi Farg‘ona va Qoraqalpog‘iston filiallari, Guliston shahar tibbiyot birlashmasi akusherlik majmuasi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazi, Jizzax viloyati Forish tuman tibbiyot birlashmasi hamda Farg‘ona viloyati xalq ta'limi boshqarmasiga qarashli ko‘zi ojiz va kar o‘quvchilarga ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasasi kabi qator tashkilotlarni zamonaviy uskunalar bilan ta'minlashga yo‘naltiriladi.

Top