22:49 / 13.03.2021
14714
2020 yilda ichki ishlar xodimlari sodir etgan jinoyatlarning 27tasi «o‘lim holati bilan bog‘liq»

Kecha, 12 mart kuni Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov tizimning o‘tgan yildagi faoliyati bo‘yicha axborot berdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, vazir axboroti davomida tizimdagi xodimlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga ham to‘xtalib o‘tgan.

«O‘tgan yili tizimimizdagi 134ta xodimning 27 nafari o‘lim bilan bog‘liq yoki tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlarda ishtirokchi bo‘lgan.

Xodimlarimizning 107 nafari mansab vakolatlaridan chetga chiqish, xizmatga sovuqqonlik bilan qarash bilan bog‘liq jinoyatlarni ham sodir etgan.

Shuningdek, jinoyatni qasddan yashirish bilan bog‘liq 18ta va poraxo‘rlik bilan bog‘liq 16ta holat ham ichki ishlar tizimidagi xodimlar tomonidan sodir etilgan.

Bularga ozodlikdan mahrum qilish, xizmatdan bo‘shatish kabi jazolar berilyapti», – dedi Po‘lat Bobojonov.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, hozirda ichki ishlar tizimidagi xodimlarni o‘qitish, kadrlar tayyorlash ishlari yangicha shaklga o‘tkazilgan.

«Hozir ichki ishlar akademiyasiga chetdan odam olmayapmiz. Akademiyaga kelayotganlar o‘zimizning litseylarni bitkazgan, ishlab turgan xodimlar yoki «Temurbeklar maktabi»ni bitkazganlar. Ya'ni ular tayyor kadrlar, 3 yil litseyida forma kiyganlar. Oldin biz kadrni ko‘chadan olardik. Shunga majbur edik.

Biz hozir hatto xodimlarimizga unvon berishdan avval ham ularni o‘qityapmiz», degan Po‘lat Bobojonov. 

Top