10:31 / 13.03.2021
5074

Notariuslar faoliyatini tekshirish tartibi belgilanmoqda

Vazirlar Mahkamasining “Notariat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat va monitoring qilish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi qonuni 22-8- va 22-10-moddalarida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Bildirilishicha, prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda xususiy notarial faoliyatga ruxsat berildi.

Bunda, Adliya vazirligi tomonidan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatiga ruxsat berishda notariat sohasini tartibga solish maqsadida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilgan va kelgusida ushbu tizim orqali notariuslar faoliyati doimiy nazorat va monitoring qilib borilishi asosiy mezon sifatida inobatga olingan.

“Notariat to‘g‘risida”gi qonun 22-8-moddasiga muvofiq, notariat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya qilishi ustidan nazoratni Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari amalga oshiradi.

Notariuslar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga, notariat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, notarial harakatlar maxfiyligiga va notarius qasamyodiga rioya etilishini nazorat qilishning aniq mexanizmlari belgilanishi notariat tizimi barqaror ishlashini ta'minlashi aytiladi.

Mazkur qaror loyihasi bilan quyidagilar belgilanmoqda:

  • nazorat tadbirlari o‘tkazishning tashkiliy asoslari belgilab beriladi;
  • notariuslar faoliyatida rejali tekshirish, qisqa muddatli tekshirish va kameral tekshirish o‘tkazish tartibi yoritiladi;
  • notariuslar faoliyatini monitoring qilish talab va shartlari, ularni amalga oshirish tartibi nazarda tutiladi.

Loyiha qabul qilinishi bilan notariuslar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga, notariat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, notarial harakatlar maxfiyligiga va notarius qasamyodiga rioya qilinishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazish hamda ular faoliyatida monitoring o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlar huquqiy tartibga solinishi qayd etilgan.

Mavzuga oid
Top