09:25 / 14.03.2021
10240

Bayden ma'muriyati bir oydan beri Shimoliy Koreya bilan aloqa o‘rnata olmayapti - Reuters

AQShning yangi prezidenti Jo Bayden ma'muriyati Shimoliy Koreya bilan turli diplomatik kanallar orqali fevral o‘rtasidan beri aloqa o‘rnata olmayapti. Pxenyan Vashingtonning urinishlarini javobsiz qoldirmoqda.

Foto: Reuters

Reuters’ning Bayden ma'muriyatidagi yuqori mansabdor shaxsga tayanib xabar berishicha, Oq uy Pxenyan bilan bir nechta, jumladan Nyu-Yorkdagi diplomatik kanal orqali bog‘lanishga urinib kelmoqda. Biroq Shimoliy Koreya rahbariyati bu urinishlarni e'tiborsiz qoldirmoqda.

“Biz fevral o‘rtasidan beri bir nechta kanal orqali Shimoliy Koreya hukumatiga murojaat qilmoqdamiz. Biroq bugungi kunda Pxenyandan javob olmadik”, deb aytgan manba.

Uning aytishicha, Vashingtonning bir qator urinishlariga qaramay, Shimoliy Koreya bilan bir yildan beri “faol muloqot” yo‘q.

Ta'kidlanishicha, Shimoliy Koreyaning sukut saqlashi keyingi hafta AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va mudofaa vaziri Ostin Lloydning Janubiy Koreya va Yaponiyaga tashrifi ortida yanada xavotir uyg‘otmoqda.

Biroq ta'kidlash joiz, Shimoliy Koreyaning Germaniyadagi elchisi yaqinda bergan bayonotida Pxenyan AQShning yangi ma'muriyati bilan munosabatlarni yaxshilamoqchiligini bildirgandi.  

Avvalroq Bayden ma'muriyati Shimoliy Koreya bo‘yicha yangi strategiyani tayyorlamoqchiligi ma'lum qilingandi.   

Top