13:13 / 14.03.2021
14624
Imkoniyati cheklanmaganlar uchun ibrat. Namanganlik Xursanali Niyozovning issiqxonasida

To‘raqo‘rg‘onlik Xursanali Niyozov, ikkinchi guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, 6 sotixlik issiqxonada qulupnay, pomidor va uzum yetishtiryapti. Dehqon parvarishlayotgan qulupnaylar mart oyi oxirida aholi dasturxoniga yetib boradi.

To‘raqo‘rg‘on tumanining Fayziobod mahallasida yashovchi Xursanali Niyozov 46 yoshda. U bolalikdan ikkinchi guruh nogironi. Shunga qaramay, mehnatkashligi bilan hamqishloqlarining hurmatini qozongan.

Qahramonimiz 6 yildan buyon issiqxonada mehnat qiladi. Asosiy daromadi ham shu dehqonchilikdan.

«Mozorko‘hnalik tanishim Ilhomjon Samiyevning pomidor yetishtirishiga qiziqib, 6 yil burun 3 sotix maydonga issiqxona tashkilladim. Dastlab issiqxonamiz oddiy yog‘ochdan yasalgan edi, unga pomidor ekdim, maydon chetlariga Rizamat ota navli uzum qalamchalarini o‘tqazdim. Birinchi yiliyoq daromadim yaxshi bo‘ldi, shunga qiziqib yangiliklar qila boshladim.

Ikki yil o‘tgach, issiqxonani temirdan mustahkamlab, isitish tizimini ham yaxshiladim, ekin maydonini kengaytirdim. Mana endi shu dehqonchilik ortidan ro‘zg‘or tebratyapmiz», – deydi Xursanali Niyozov.

Xursanali aka ziroatchilik borasida shogirdlar ham yetishtiryapti. U shu hududdagi o‘nlab issiqxonalarning egalariga ustozlik qilgan. Shu bilan, izlanishlarini ham davom ettiradi.

«O‘zim ham haligacha shogirdman, dehqonchilik sirlarini o‘rganaman, issiqxonada yangi mahsulotlar yetishtirishga harakat qilaman. Mana, o‘tgan yili Koreyadan keltirilgan, yiliga ikki marta hosil beradigan qulupnay ko‘chatlarini parvarishladim, hosil yaxshi bo‘ldi, 20 million so‘m daromad qildim. Bu mavsumda 30 millionga yetadi, Xudo xohlasa».

Qahramonimiz oilasi ko‘magi bilan sog‘ligidagi muammodan siqilmaydi. Uning ikki farzandi bor. O‘g‘li 11-sinf, qizi 9-sinfda o‘qiydi. Ular ham darsdan bo‘sh paytida otasiga ko‘maklashadi.

«Farzandlarimning kelajagi uchun ham mehnatdan qochmayman. Ularning o‘qimishli, el koriga yaraydigan inson bo‘lishini istayman. Qizim ingliz tili o‘qituvchisi, o‘g‘lim dasturchi bo‘lish niyatida», – deydi u.

Rahima xola o‘g‘lining imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, odamlar koriga yarayotganidan xursandligini aytadi.

«Oldiniga rosa qarshilik qildim, qilma, o‘zingga qara deb. Baribir qiziqib harakat qildi. Uni avaylaganim sari o‘zi tinmaydi, harakatchan. Bir tomondan xursand ham bo‘laman. Mana, bolalari ham katta bo‘lyapti, o‘qishga harakat qilyapti, ular uchun ham pul topmasa bo‘lmaydi. Biz chol-kampirning nafaqasi nimaga ham yetardi?» – deydi u.

E'tiborlisi, qahramonimiz 6 sotix maydonda 18 sotixli joyda yetishtiriladigan mahsulotlarni parvarishlamoqda. Bu yerda bir vaqtning o‘zida pomidor, qulupnay va uzum yetishtirilyapti.

Xursanali akaning aytishicha, qulupnay mart oyi oxirlariga xaridorlarga yetkaziladi, uzum esa odatdagi uzumlardan bir oy avval pishib yetiladi. Issiqxonada ro‘zg‘or uchun bulg‘or qalampiri, rediska va bodring ham bor.

«Qora qozon uchun zarur hamma mahsulot: kartoshka, piyoz, sabzi deganlariday, o‘zimizdan chiqadi», – deydi Rahima xola.

«Har bir ishning qiyinchiligi bor, o‘zidan o‘zi bo‘lmaydi. Kechasi bilan ko‘mir yoqib chiqish kerak. Ayniqsa, men uchun ancha qiyin, chunki men bir kunda qiladigan ishni sog‘lom odam 2 soatda bajarib qo‘yadi. Lekin men shunaqa nogironman, deb yotgan bilan bo‘lmaydi», – deydi Xursanali aka.

Qahramonimizning g‘ayrati, issiqxonani yashnatib qo‘yganiga havas qilsa arziydi. U sog‘lom bo‘la turib boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan insonlarga ibrat bo‘la oladi.

Yulduz Yuldasheva

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top