23:10 / 15.03.2021
7541
Dunyoda eng ko‘p qurol Yaqin Sharqqa sotilayotgani ma'lum qilindi 

AQSh, Rossiya, Fransiya, Germaniya va Xitoy qurol eksport qilish bo‘yicha yetakchi davlatlar bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, eng ko‘p qurol Yaqin Sharq davlatlari, jumladan Saudiya Arabistoni va Qatarga import qilinmoqda.

Foto: Picture Alliance

Tinchlik masalalari bo‘yicha Stokholm instituti (SIPRI) bayonotida aytilishicha, oxirgi 10 yil davomida dunyo bo‘yicha qurol savdosi hajmi ortmagan. Biroq bayonot mualliflarining aytishicha, vaziyat o‘zgarishi mumkin. 

“Misol uchun, pandemiyaning iqtisodiy oqibatlari ba'zi davlatlar yaqin yillarda qurol importi bo‘yicha o‘z rejalarini qayta ko‘rib chiqishiga olib kelishi mumkin”, deyilgan hujjatda.

Ayni vaqtda dunyoda qurol eksporti bo‘yicha AQSh yetakchilik qilmoqda, unga dunyo bo‘yicha umumiy qurol savdosi hajmining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i to‘g‘ri kelmoqda. AQShning qurol eksportidagi ulushi oxirgi 5 yilda 32 foizdan 37 foizgacha o‘sgan. 

2-o‘rinni Rossiya egallamoqda, biroq 2016 yildan buyon uning eksporti hajmi 18 foizga qisqargan. Bunga Hindistonga qurol eksportining yarmigacha tushib ketgani asosiy sabab hisoblanadi.

Bu borada keyingi o‘rinlarni Fransiya va Germaniya egallamoqda. Ushbu davlatlar oxirgi 5 yil davomida qurol eksportini rekord darajada oshira oldi. Jumladan, Fransiya qurol savdosi hajmini 44 foizga, Germaniya 21 foizga oshirgan. Fransiya qurolining asosiy xaridorlari Hindiston, Misr, Qatar, Germaniyaniki esa Janubiy Koreya, Jazoir, Misr hisoblanadi. 

Qurol savdosi bo‘yicha yetakchi beshtalikdan Xitoy ham joy olgan. Uning oxirgi 5 yilda qurol eksporti hajmi 7,8 foizga qisqargan. Xitoy o‘z qurolini asosan Pokiston, Bangladesh va Jazoirga sotmoqda.

Bayonotga ko‘ra, Yaqin Sharq davlatlarining qurol importi hajmi 2016-2020 yillarda 25 foizga o‘sgan. Bu asosan Saudiya Arabistoni (61 foizga o‘sgan), Misr (+136 foiz) va Qatar (+361 foiz) hisobiga yuz bergan. 

Top