11:35 / 15.03.2021
10859
Innovatsiya vazirligi yana bir bayonot berdi. Ammo vazirlik ishongan manbaning o‘zida u ishonchli emasligi yozib qo‘yilgan

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Kun.uz saytida e'lon qilingan «Bayonot berish mas'uliyati. O‘zbekiston rasmiylarining vaksina haqidagi gaplari qanchalik asosli?» sarlavhali maqola yuzasidan munosabat bildirdi.

Vazirlik munosabati matni bilan quyidagi manzilda to‘liq tanishib chiqish mumkin.

Innovatsion rivojlanish vazirligining munosabati

Kun.uz’ning maqolasida mas'ullarning bayonotlaridagi o‘zaro farqlar va bir-biriga zid ma'lumotlar qalamga olingandi. Ammo negadir, vazirlik o‘z munosabatida maqoladagi asosiy mavzuni bir chetda qoldirib, «vaksina xavfsizligi va samaradorligiga shubha bildirilgan», deya talqin qilmoqda.

Munosabatda vazirlikni kulgiga qo‘yadigan bir jihat bor. Vazirning birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulovaning maqolada tanqid ostiga olingan bayonotiga asos sifatida xorijiy saytlardan birida nashr etilgan ilmiy maqola ko‘rsatilmoqda.

E'tiborga olish lozimki, aynan shu asosga ko‘ra vazirlik Kun.uz’ni noxolislikda ayblamoqda.

Aftidan, vazirlikdagilar o‘zlari tayanayotgan manbani diqqat bilan o‘qib ko‘rmagan. Agar diqqat bilan o‘qigan bo‘lganlarida, sayt sahifasidagi sariq rang bilan alohida belgilab qo‘yilgan eslatmani ko‘rgan bo‘lishardi.

Chunki, u yerda shunday yozuvlar bor: “bioRxiv is receiving many new papers on coronavirus SARS-CoV-2. A reminder: these are preliminary repors that have not been peer-reviewed. They should not be regarded as conclusive, guide clinical practice/health-related behavior, or be reported in news media as established information”.

Tarjimasi: “bioRxiv sayti SARS-CoV-2 koronavirusi haqida ko‘plab ilmiy ishlar qabul qiladi. Eslatma: bular vakolatli mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilmagan dastlabki hisobotlardir. Ular yakuniy xulosa, klinik amaliyotga qo‘llanma/salomatlik bilan bog‘liq xatti-harakat yoki ommaviy axborot vositalarida qat'iy xulosa sifatida foydalanilmasligi darkor”.

Eslatib o‘tamiz, Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova «Xitoy va O‘zbekiston hamkorligidagi koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi COVID-19’ning Britaniya va Janubiy Afrika shtammlariga qarshi Amerikaning Moderna vaksinasidan olti baravar yaxshiroq bo‘lib chiqdi», degan gapni aynan ushbu ilmiy maqolaga asoslanib aytgan ekan.

Sayt moderatorlari u yerdagi ma'lumotlar nafaqat klinik amaliyot, balki OAVda ham qo‘llanmasligini tavsiya qilib, ogohlantirib qo‘yishgan. Mavzu esa, 35 million aholiga ega davlat uchun 1 million dozada vaksina sotib olish va uni ishlab chiqarish haqida bormoqda.

Ikkinchidan, ilmiy maqola ichida vazir o‘rinbosari Shahlo Turdiqulovaning «Moderna vaksinasi va 6 barobar samaradorlik»ka oid bayonoti mazmunidagi gap topilmadi. Umuman olganda, bir mahsulotni tavsiflayotib, uning boshqa turdoshidan falon marta yaxshi deyish na qonunga va na axloq normalariga to‘g‘ri kelsa kerak.

Uchinchidan, vazirlik taqdim qilgan havoladagi maqola avvalida yana bir ogohlantirish mavjud.

This article is a preprint and has not been certified by peer review

Tarjimasi: Bu maqola nashroldi [versiya] va mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilmagan

“What does this mean?” degan yozuv ustiga bossangiz mana bu izoh chiqadi:

Buning tarjimasi quyidagicha:

«An unrefereed preprint – nima degani?

Ilmiy jurnalda rasman chop etilishidan avval ilm-fan va tibbiyotga oid maqolalar mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu jarayonda jurnal muharrirlari turli mutaxassislardan maslahat oladi va bu mutaxassislar «taqrizchilar», yoki «referees» deb ataladi. Taqrizchilar taqdim qilingan maqolani o‘qiydilar va undagi faraz, usul va xulosalarni tekshiradilar. Odatda, jurnallar referee’larning mulohazalarini e'tiborga olgan mualliflarning maqolalarinigina nashr qilishadi.

Bu jarayon uzoq davom etish ehtimoli borligi sabab, mualliflar o‘z qo‘lyozmalari taqrizchilar tomonidan ko‘rib chiqilib, biror jurnal tomonidan ma'qullanishidan avval bioRxiv xizmati (Innovatsiya vazirligi ishongan va ishontirishga urinayotgan manba – tahr.)dan foydalanib, qo‘lyozmaning «nashroldi» versiyasini e'lon qilishadi. Bu boshqa olimlarga yangiliklarni zudlik bilan ko‘ra olish, muhokama qilish va izohlash imkonini beradi. Shuning uchun, o‘quvchilar bioRxiv’dagi maqolalar mualliflar tomonidan yakuniga yetkazilmagani, xatolari bo‘lishi mumkinligidan ogoh bo‘lishlari hamda ilmiy yoxud tibbiy hamjamiyat tomonidan qabul qilinmagan yoki ma'qullanmagan ma'lumotlar haqida xabar berishlari so‘raladi».

Hurmatli o‘quvchi, e'tibor beryapsizmi? Vazirlik bergan havola ichida bu platforma ilmiy asos emasligi va hatto ommaviy axborot vositalarida e'lon qilish ham tavsiya qilinmasligidan tashqari, maqolalarda uchragan xatolar yoki ilmiy/tibbiy hamjamiyat tomonidan qabul qilinmagan farazlar uchrasa xabar berish so‘ralgan. Undan tashqari, bioRxivdagi maqolalar oxiriga yetkazilmagani ham aytilmoqda. Shunday ekan, vazirlik taqdim etgan havoladagi manba na ilmiy maqsadlar, na shunchaki ma'lumot sifatida foydalanishga yaroqli. Bu platforma shunchaki tugal xulosalar bermaydigan oddiy muhokama maydoni, xolos.

Ha, darvoqe, Kun.uz’da maqola chiqqanidan bir necha daqiqa o‘tib, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘zining Feysbukdagi profili orqali izoh yozgan:

Qarang, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faqat JSST ro‘yxatidan o‘tgan vaksinani olamiz deyapti. Innovatsion rivojlanish vazirligi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasini JSST ro‘yxatidan o‘tkazish uchun barcha zarur hujjatlar jo‘natilganini aytmoqda. Respublika maxsus komissiyasi esa, ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasiga 1 million dozada buyurtma berilgani va mahalliy tartibda ishlab chiqarish uchun korxona tanlab olinganini ma'lum qildi.

Mana shu zanjirning qayeridadir mantiq uzilyapti, shunday emasmi?

Xo‘sh, oddiy aholi, vaksina qabul qiluvchi kimga ishonishi kerak?

Savollar ko‘p. Javoblar esa, hozircha ishonarli emas. 

Shunday qilib, yana bir bor mas'ullardan o‘zlari taqdim etayotgan manbani avval tekshirib olishni iltimos qilib qolardik.

Shoakmal Isroilov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top