13:31 / 15.03.2021
62767
Jizzaxdagi hakamlik va «Turon» bosh murabbiyining «portlashi». Sabab va oqibatlar
Foto: Videodan kadr

«Nasaf» va «Paxtakor» o‘rtasidagi har qanday turnirni bezashi mumkin bo‘lgan ajoyib uchrashuvdan boshlangan chempionatimiz, 2-turda janjal bilan davom etdi. «So‘g‘diyona» – «Turon» o‘rtasidagi bahsda hakam nohaq penalti belgiladi va bu uchrashuv taqdirini hal qildi. O‘yindan keyin esa mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov o‘zini tutib tura olmadi, jamoasi ishtirok etgan o‘yindagi hakamliklar haqidagi fikrlarini ochiq, dadil va biroz qo‘pol tarzda bayon qildi. Albatta, buning davomi bo‘ladi.

Eng ahamiyatli nuqta shu – bu voqeaning davomi va oqibatlari. Hakamlarning qo‘pol xatolari butun dunyoda, hatto VAR yordami bilan ham sodir bo‘lmoqda, hatto Ligalar o‘yindan keyin bu xatolarni tan olgan holatlar bor. Murabbiylarning quyushqondan chiqishlari, noto‘g‘ri so‘zlar ishlatishlari ham bo‘lib turadi, odatda murabbiylar bir necha o‘yinga diskvalifikatsiya va jarima bilan qutuladilar.

«So‘g‘diyona» – «Turon» uchrashuvi va undan keyingi holatlarga baho berish qay tariqa amalga oshiriladi va uning oqibatlari uchun PFL javobgar bo‘la oladimi, barcha masala shunda. Nima demoqchiman?

Birinchi voqea – hakamning qo‘pol xatosi. Ikkinchi voqea – Ismoilovning o‘yindan keyingi fikrlari.

Hakamning xatosi ataylab yoki texnik insoniy faktor, ya'ni shunchaki, vaziyatni ko‘rmay qolgani tufayli ro‘y berishi mumkin. Shaxsiy fikrimcha, hakam xuddi penalti berishni juda istagandek, shoshilinch tarzda, xuddi to‘p qo‘lga tekkanini aniq-tiniq ko‘rgandek qaror chiqargani biroz g‘alati bo‘ldi. Ammo bu mening fikrim, PFL bu vaziyat bo‘yicha hakamning hisobotini va hakamlar qo‘mitasining tahlilini tinglashi kerak. Har qanday holatda ham bu tarzdagi qo‘pol xatolar kamida hakamning yetarlicha malakali emasligini ko‘rsatadi. Bu tushunarli.

Endi Ismoilovning gaplariga kelamiz. Murabbiy ancha emotsional holatda bo‘lganini ham e'tiborga olamiz, lekin u hakamning malakasi haqida emas, ataylab penalti belgilaganini iddao qildi, «o‘yin davomida vaziyat poyladi», «pul bermaganimiz uchun kallamizni olishdi» qabilidagi so‘zlarni ishlatdi. Bu juda jiddiy ayblov va shunday qolmasligi kerak. PFLmi, Etika qo‘mitasimi, Tartib-intizom qo‘mitasimi, kim bo‘lsayam, Ismoilovdan izoh talab qilishi kerak?

Xo‘sh, murabbiy jahl ustida hakamni korrupsiyada aybladimi? Yoki rostan ham parda orqasida nimadirlar ro‘y berganmi? Aytilgan fikrlar borasida murabbiyning va klubning rasmiy shikoyati yoki fikri olinishi va shu asosda vaziyat to‘liq va xolis o‘rganilishi kerak.

Agar Ismoilovning fikrlari shunchaki, hakamning xatosi tufayli taxminlar va jahl ustida aytilgan bo‘lsa, tabiiyki, murabbiy jazolanishi shart. Agar murabbiy o‘z ayblovlarini asoslab bera olsa, u holda hakamlar, ularni bu ishga undagan motivlar, raqib «So‘g‘diyona»ning qay darajada aloqadorligi o‘rganilishi lozim bo‘ladi.

Ya'ni vaziyat shunchaki, tomonlarni rozi qilish, hakamni shunchaki, bir muddatga chetlatish bilangina yakunlanishi futbolimiz imijiga salbiy ta'sir qiladi. Hali PFLning rasmiy munosabati qanday bo‘ladi, bilmayman, shunchaki, tashkilot rahbari Diyor Imomxo‘jayevning o‘z telegram-kanalida bildirgan fikrlari oxirgi gap bo‘lmasligiga umid qilaman.

«Keyingi safarimiz birinchi galda Yaypanga bo‘ladi. Boisi «Turon» bugun hakamlikdan aziyat chekkan bo‘lsa, bir necha oydan buyon soliq organlari sabab aziyat chekmoqda. Bu ketishda misqollab yig‘ayotgan xususiy klublarimizni ham yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin.

Biz bir yil avval o‘xshash mavzu yuzasidan «Turon» bilan birgalikda sudda yonma-yon ishtirok etgandik. Bundan keyin ham «Turon», «Andijon», «Yangiyer», «Istiqlol» kabi klublarni qo‘limizdan kelgancha himoya qilamiz. Aynan shunday klublar futbolimiz ertasini belgilab berishi mumkin.

«Turon» katta futbol uchun katta chiqim qildi. Uning boshqaruvida bu kabi muammolarga tayyor insonlar bor. Biz shunday muammolardan keyin qo‘l siltab ketishimiz emas, ularga qarshi birga kurashishimiz kerakligini ular yaxshi tushunib turishibdi», – deb yozdi Diyor Imomxo‘jayev.

Tabiiyki, bu fikrlar bo‘lib o‘tgan voqeani, kartinani to‘liq izohlamaydi. «Turon»ning hakamlardan aziyat chekkaniga (ataylabmi yoki ataylabmas?) soliq organlari bilan bog‘liq muammolarning yoki PFL ularni alohida hurmat qilishining aloqasi yo‘q. Umuman «Turon»ning xususiy klub ekani yaxshi, kelajakda bunday klublar ko‘p bo‘lishi ham ayni muddao, ammo baho berishda, turnirda va maydonda ularga nisbatan alohida munosabat bo‘lishi ham noo‘rin. PFL uchun ligalarda qatnashayotgan klublarning barchasi teng.

Ya'ni shaxsan men, PFL direktoridan «Turon»ga jabrlanuvchi emas, aybdor sifatida, ya'ni bosh murabbiyi shuncha qattiq ayblovlarni aytgan klubga qaragandek munosabatni kutgandim. Bu holatda esa tabiiyki, menda, demak, «murabbiy haq ekan-da», degan fikr paydo bo‘lyapti. Murabbiy haq edimi? Bu savol javob berilmaguncha yangrayverishi kerak!

Jizzaxdagi voqeadan esa quyidagi xulosalarni olish mumkin.

Birinchidan, hakamlik sifati, hakamlarning malakasi hamon og‘riqli nuqta bo‘lib qolmoqda. O‘tgan mavsum oxirida bir qator taniqli hakamlarimizning kelishilgan uchrashuvlarda ayblanib, chetlatilganini ham e'tiborga olsak, gap faqat malakada emas, hamon kelishilgan o‘yinlar, korrupsiya davom etyaptimi, degan savol yana ochiq qolyapti. Tabiiyki, Superliga imiji uchun juda xunuk holat.

Ikkinchidan, Yevropada Ismoilov aytgan gaplarning o‘ndan birini tilga olgan har qanday murabbiy qattiq jazolanadi. Ammo boshqa tarafdan, ular xolis hakamlik, ularning malakasi va texnik sharoitlar borasida hammasini bajarib qo‘yishganki, murabbiylarda norozi bo‘lishga sabablar juda kam bo‘ladi. Bu borada qat'iylik qilishga ertadir, bilmadim, lekin bu tarzdagi bayonotlar shunchaki qolib ketmasligi kerak. Murabbiylar o‘zlarini bosa olishlari, asosli gapirishlari yoki gaplariga asos keltirishlari kerak. PFL aytilgan fikrlarni bosti-bosti qilishi emas, aytilmagan fikrlarni chiqarish uchun harakat qilishi kerak. Tabiiyki, Islom Ismoilov Tartib-intizom qo‘mitasiga chaqirilishi shart.

Uchinchidan, VAR masalasi. PFL ushbu mavsumdan videotakrorlarni joriy qilishni boshlayapti va hozircha hamma uchrashuvlarni qamrab olish imkonsiz. Har turda 2-3 o‘yinda hakamlik VAR yordamida tashkil qilinishi yo‘lida ishlar olib borilyapti ekan. Bu yaxshi. Hakamlar birinchi navbatda, biror vaziyatni ko‘rmay qolib, qo‘pol xatolar natijasida malomatlarga qolib ketishdan qutuladilar. Yoki ataylab biror jamoaning «qulog‘idan tortib», «ko‘rmay qolibman» deb qutulib qolish imkoniyatidan ham mahrum bo‘ladilar.

Bilishimcha, VAR ishlaydigan o‘yinlar PFL tomonidan tanlanadi va ular eng markaziy deb topgan o‘yinlarda hakamlar videotakrorlar bilan ishlaydilar. Taklifim shuki, markaziy o‘yinlar oldindan belgilanmasligi lozim. Har tur oldidan hamma jamoa teng olinadigan qandaydir qur'a yoki biror tizim yordamida VAR ishlaydigan stadionlar aniqlanib borilishi maqsadga muvofiqroq bo‘lardi. Yoki har bir klub teng foydalanadigan shaklda, ya'ni yakunda, har bir jamoada VAR ishlagan o‘yinlar soni teng bo‘ladigan shaklda taqvim ishlab chiqilib, barcha klublarning roziligi olinishi lozim. Shundagina ortiqcha gap-so‘zlarga ham o‘rin qolmaydi.

Qahramon Aslanov

Top