16:22 / 15.03.2021
9758

Manba: Yevroittifoq Rossiya vaksinasini sotib olmoqchi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar boshladi, deya xabar beradi Reuters diplomatik va rasmiy manbarlarga tayangan holda.

YeI nomidan vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan muzokara olib borayotgan rasmiy vakil ittifoqqa a'zo mamlakatlar hukumatlari «Sputnik V» borasida muzokaralarga kirishish imkoniyatini ko‘rib chiqishayotganini ma'lum qildi. Agentlik xabariga ko‘ra, jarayon boshlanishi uchun YeIning to‘rt davlatidan talab tushishi kerak bo‘ladi.

Yevroittifoqda «Sputnik V»ni tasdiqdan o‘tkazgan ilk davlat Vengriya bo‘ldi. Budapeshtga vaksina fevral oyi boshlaridan yetkazib berila boshlangandi. Keyinroq Slovakiya ham «Sputnik V»ni tasdiqdan o‘tkazdi.

Yevropa Ittifoqining rasmiy vakili Italiya hukumati Rim yaqinida joylashgan mamlakatdagi eng yirik ReiThera zavodini «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ma'lum qilgan. 30 foiz aksiyasi davlatga tegishli bo‘lgan va koronavirusga qarshi o‘z preparatini ishlab chiqayotgan ReiThera kompaniyasi bu borada izoh berishdan bosh tortgan. Agentlikning xabar berishicha, Italiya YeI hukumatini «Sputnik V» vaksinasini sotib olish va uni tashkilot hududida qo‘llashga chaqirmoqda.

Yevropa Ittifoqi G‘arbning 6 vaksina ishlab chiqaruvchisi bilan muzokaralarni boshlab bo‘lgandi va yana ikkitasi bilan muzokaralarni boshlayapti. Hozircha YeI hududida to‘rt vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgan - Johnson&Johnson, Pfizer, AstraZeneca va Moderna.

Ilgariroq 9 martda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi va Shveytsariyaning Adienne Pharma & Biotech kompaniyasi «Sputnik V» vaksinasini Italiyada ishlab chiqarishni kelishib olishgandi. Shunday qilib Italiya Yevroittifoqda «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqaradigan ilk davlatga aylanadi.

Mahalliy ishlab chiqarish Adienne maydonida iyundan boshlanadi va yil so‘nggigacha 10 million dozada preparat ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Adienne Pharma & Biotech Milandagi o‘ziga tegishli zavodda ishlab chiqarish bo‘yicha bitim imzolagan. Rossiya vaksinasidan hali Yevroittifoq hududida foydalanishga ruxsat berilganicha yo‘q, lekin «Sputnik V» Italiyada ishlab chiqarilgan taqdirda Yevropa dori vositalari agentligi (YeMA) tasdig‘isiz foydalanilishi mumkin. Yevropa dori vositalari agentligi (YeMA)ning o‘zi 4 mart kuni «Sputnik V» tekshirilishi boshlanganini ma'lum qildi. Reuters manbasining xabar berishicha, Yevropa dori vositalari agentligi vaksinani xavfsiz va samarador deb topgan taqdirda, Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlari «Sputnik V»ga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirib, ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralarga kirishishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top