12:08 / 15.03.2021
2309
O‘zbekistonda qator shartnoma turlarini faqat elektron shaklda tuzish taklif etilmoqda

Prezidentning “Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda shartnoma instituti rolini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat loyihasi bilan bir qator shartnoma turlarini faqat elektron shaklda tuzish taklif etilmoqda.

Ular:

  • bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga o‘qitish shartnomalari;
  • fermer xo‘jaliklari bilan tuziladigan kontraktatsiya shartnomalari.

Shartnomalar tuzishda aholi va tadbirkorlik sub'yektlari uchun yengilliklar yaratish maqsadida Adliya vazirligi maxsus axborot portalida bepul ravishda aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga foydalanish uchun namunaviy shartnomalar loyihalarini joylashtirib borish taklif qilinmoqda.

Ayrim shartnomaviy-huquqiy munosabatlarda fuqarolar huquqlari himoyasi kuchaytirilmoqda.

Jumladan:

  • fuqarolarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valutasida qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berilmoqda;
  • mijoz ruxsatisiz hisobvaraqdagi pullarini chiqarish faqat sud qarori bilan yoki bank bilan mijoz o‘rtasidagi tuzilgan shartnoma asosida yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda;
  • sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionda sotuvga qo‘yiladigan mol-mulk barcha qarzlardan va taqiqlardan xoli bo‘lgan holda joylashtirilishi nazarda tutilmoqda.

Kommunal soha, energiya bilan ta'minlash, aloqa xizmati, yo‘lovchi va yuklarni tashish sohalarda tabiiy monopoliya sub'yektlari tomonidan ishlab chiqilgan shartnomalarni monopoliyaga qarshi kurashish organlari bilan kelishilgandan so‘ng iste'molchilar bilan tuzish amaliyoti kiritilmoqda.

Top