14:17 / 15.03.2021
87377
Samarqandda 2 nafar bolani qasddan o‘ldirib, yoqib yuborgan ayol qo‘lga olindi
Foto: Samarqand viloyat prokuraturasi

Samarqand viloyati Payariq tumanida 2 nafar bolani qasddan o‘ldirib yoqib yuborgan va jinoyat izini yashirish uchun jasad qoldiqlarini ko‘mib tashlagan ayol qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yil 14 mart kuni Payariq tumani Alisher Navoiy mahallasida yashovchi M.T. tuman IIB ga ariza bilan murojaat qilib, 2021 yil 13 mart kuni voyaga yetmagan 2007 va 2013 yilda tug‘ilgan farzandlari yashash uyidan noma'lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolganligini va ularni topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Shundan so‘ng, murojaat yuzasidan tuman prokuraturasi rahbarligidagi tergov-tezkor guruhi tomonidan amalga oshirilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida Payariq tumani Alisher Navoiy mahallasidagi hovlidan voyaga yetmaganlarning murdasi yoqib yuborilib, ko‘milgan holatda topilgan.

Aniqlanishicha, 2021 yil 13 mart kuni O.T. tanishi M.T.ning yashash uyiga yashirin ravishda o‘g‘irlikka kirib, xonadonda hech kim yo‘qligidan foydalanib, pul va qimmatli buyumlarni qidirayotgan vaqtida M.T.ning 2 nafar farzandi maktabdan uyga qaytadi va sodir etilayotgan jinoyatining guvoh bo‘lib qoladi. 

Bundan tashvishga tushgan O.T. o‘z jinoyatini yashirish va voyaga yetmagan bolalarni qasddan o‘ldirish maqsadida ularni aldab, o‘zining yashash xonadoniga olib boradi. Ko‘zi qonga to‘lgan jinoyatchi o‘z hovlisida belkurak bilan dastlab A.T.ni, keyin uning akasi S.T.ning bosh va bo‘yin qismiga zarb bilan urib, tan jarohati yetkazib, ularni qasddan o‘ldiradi.

Mazkur holat yuzasidan 2021 yil 14 mart kuni jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a», «v», «j» va «o» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O.T. himoya huquqi bilan ta'minlangan holda jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan va bu haqda gumon qilinuvchining yaqin qarindoshiga telefon orqali xabar berilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari Samarqand viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi shaxsan viloyat prokurori R.Masharipov tomonidan nazoratga olingan.

Top