19:02 / 15.03.2021
6210
Surxondaryoda 4 kun ichida uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan ikkita yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi

Surxondaryo viloyatida to‘rt kun ichida uch nafar inson o‘limiga sabab bo‘lgan ikkita yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Ularning biri Bandixon tumanida, ikkinchisi Sariosiyo tumanida sodir etilgan.

Qayd etilishicha, 10 mart kuni ertalab soat 8:30 larda Bandixon tumanidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining 63-kilometrida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. 1993 yilda tug‘ilgan «Cobalt» haydovchisi Toshkent–Denov yo‘nalishida harakatlanib kelayotib, yo‘lning xavfli burilish qismida oldinda harakatlanib ketayotgan avtomobilni quvib o‘tmoqchi bo‘lgan. Shu payt qarama-qarshi yo‘nalishdan kelib qolgan, 1995 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi «Damas»ga borib urilgan. Oqibatda ikki nafar fuqaro vafot etgan, yana bir nafar shaxs shifoxonaga yotqizilgan.

Ikkinchi yo‘l-transport hodisasi 13 mart kuni soat 22:30 larda sodir bo‘lgan. Bishkek–Dushanbe–Termiz M41 xalqaro avtomobil yo‘lining Sariosiyo tumani Niloba mahallasidan o‘tuvchi 1456-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Ma'lum bo‘lishicha, Sariosiyo tumani Turmushobod mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan shaxs otasiga tegishli «Lada Granta» avtomashinasini tuman hududida boshqarib borayotib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetiga chiqib ketib, daraxtga urilgan. Oqibatda haydovchi vafot etgan.

Ta'kidlanishicha, yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan paytda ob-havo noqulay bo‘lib, yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lgan. Buning ustiga, haydovchi tezlikni belgilangan me'yordan oshirib yuborgan. Shu sababli u boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetiga chiqib ketgan.

Top