19:51 / 15.03.2021
4264
Tanzila Norboyeva kunlik ishchilar markazlari faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi

Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishida xotin-qizlarning ijtimoiy muammolari va ularni tizimli hal qilish masalalari muhokama qilindi. Kengash raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlarning eng og‘riqli masalalaridan biri bo‘lgan mardikor bozorlari haqida gapirib o‘tdi.

«Mardikorlik bilan shug‘ullanadigan ayollarimiz bor. Mardikor ayol deyiladi, lekin juda xunuk eshitiladi. Kunlik ishchilar, deylik. Mana shunaqa faoliyatga ehtiyoji bor ayollar mavjud. Toshkent shahrining o‘zida kunlik ishchilar markazlaridan 6tasi tashkil etildi. Bu masalada viloyatlardagi opa-singillarimizga alohida e'tibor qaratishimiz kerak.

 Sizlar (yig‘ilishda qatnashayotgan tashkilot vakillari) bu masala Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining vakolatiga kiradi, deb e'tiborsiz qoldirmanglar.

Yashash hududingizda: bozor yoki ko‘chalar bo‘yida ayollar ishchi kuchimni sotaman, deb to‘planib turishadi. Mana shunaqa joyga o‘zingiz boring, ayollar bilan suhbatlashing. Ayollar ko‘chada o‘z ishchi kuchini taklif qilib turishi juda xunuk hodisa. Mayli, buning aybi yo‘q. Lekin ular ishchi kuchlarini zamonaviy talablar asosida taklif qilishlari kerak. Kunlik ishchilar markazlari tashkil qilindi, lekin ularning ishlab ketishini ham tashkil qilish kerak.

Viloyatlarga xizmat safari bilan chiqqanimda, albatta, o‘sha joylarga boraman. Ayollarning mardikor bozorlari Qo‘qonda, Toshkent shahri va viloyatida ko‘p», degan Senat raisi. 

Top