22:31 / 15.03.2021
4594
Xalqaro iste'molchilar tashkiloti prezidenti bir marta ishlatilgan plastik idishlardan qayta foydalanmaslikka chaqirdi

Plastik materiallar ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Ularning aksariyati minglab yillarda ham biologik yo‘l bilan chirimaydi, deydi Xalqaro iste'molchilar tashkiloti prezidenti Marimutu Nadasun.

Foto: Depositphotos

15 mart –  Butunjahon iste'molchilar huquqlari kuni. Har yili turli shiorlar bilan o‘tkaziladigan tadbirning bu galgi mavzusi «Plastik moddalar bilan ifloslanishga qarshi kurashish» deb nomlandi.

Xalqaro iste'molchilar tashkiloti prezidenti doktor Marimutu Nadasun O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga  yo‘llagan murojaatida plastik moddalarning insoniyat uchun zararli jihatlari haqida fikr bildirdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

«Xalqaro iste'molchilar huquqlari kuniga bag‘ishlangan tadbir jahonning 100dan ortiq mamlakatida o‘tkaziladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha butun dunyoda ishlab chiqarilgan plastik materiallarning faqat 9 foizigina qayta ishlangan xolos. Ularning aksariyati chiqindi joylari va atrof-muhitga borib tushmoqda.

Bir marta ishlatilgan plastik idishlardan qayta foydalanmaslikka chaqiramiz. Chunki plastik materiallar ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Ularning aksariyati biologik yo‘l bilan chirimaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, tuproq va suvni bulg‘ayotgan plastik materiallar chirib bitishi uchun minglab yillar kerak bo‘ladi. Plastik chiqindilar suv yo‘llarini to‘sadi va tabiiy ofatlarni kuchaytirishi mumkin. Kanalizatsiya va suv yo‘llariga tiqilib qolishi bilan pashsha va hasharotlar urchishiga zamin yaratib berishi, bezgak singari suvda paydo bo‘ladigan kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin.

 Ko‘pincha delfinlar va toshbaqalar oziq-ovqat deb adashtirgani sababli plastik xaltalar ularning organizmiga tushadi. Plastik buyumlarni tayyorlash jarayonida qo‘shiladigan zararli kimyoviy moddalar hayvonlar hujayralariga o‘tayotgani va pirovardida insoniyatning oziq-ovqat zanjiriga tushayotganiga oid isbotlar bor.

Kanserogen, ya'ni saraton kasalligi qo‘zg‘ovchi o‘ta zaharli penopolistirol mahsulotlari organizmga tushganda asab tizimi, o‘pka va reproduktiv organlarni zaharlaydi. Plastik chiqindilarni yoqish havoga zararli gazlar chiqishiga sabab bo‘ladi», – dedi xalqaro tashkilot rahbari.

Aytilishicha, hozirda insoniyat global plastik ifloslanish inqiroziga duch kelmoqda. Garchi plastik kundalik hayotda juda foydali material bo‘lsa-da, plastmassalarning zararli tomonlari ham bisyor.

Masalan, har yili 100 mingta dengiz sutemizuvchilari va toshbaqalari, 1 millionta dengiz qushlari dengizning plastmassa bilan ifloslanishi tufayli nobud bo‘ladi. Yiliga taxminan 8 million tonna plastik dunyo okeaniga tushadi. Bir marta ishlatiladigan plastmassalar har yili ishlab chiqariladigan plastmassaning 50 foizini tashkil qiladi. Ishlab chiqarilgan plastmassaning 40 foizi qadoqlanadi va bir marta ishlatilgandan so‘ng tashlab yuboriladi.

Marimutu Nadasun atrof-muhitni plastik moddalar bilan ifloslanish muammosiga yechim bo‘la oladigan ayrim omillarni sanagan.

«Plastik moddalar bilan ifloslanish muammosini hal etish yo‘lida barcha iste'molchilar tashkilotlarini chiqindilarni boshqarishning quyidagi aylanma modelidan foydalanishga chaqiramiz:

  • tovarlarga o‘rama kerakligi yoki kerak emasligini puxta o‘ylab ko‘rish;
  • keraksiz o‘rama materialdan voz kechish;
  • plastik moddalar xarid qilishni va ulardan foydalanishni kamaytirish;
  • qayta ishlasa bo‘ladigan shisha idishlardan foydalanish;
  • shikastlangan buyumlarni almashtirish o‘rniga ularni ta'mirlash;
  • bir marta ishlatilgan plastik buyumlarni qayta ishlatsa bo‘ladigan buyumlar bilan almashtirish», dedi u.

Ma'lumot uchun, butunjahon iste'molchilar huquqlari kuni 1983 yil 15 martdan buyon, O‘zbekistonda esa 1996 yildan boshlab har yili nishonlab kelinadi. 

Top