23:13 / 15.03.2021
10122

Yevropaning yana 4ta davlati AstraZeneca vaksinasini qo‘llashni to‘xtatdi

Germaniya, Italiya, Fransiya va Ispaniya AstraZeneca vaksinasi bilan emlashni vaqtinchalik to‘xtatishga qaror qildi. Germaniyada ushbu qaror vaksina miya tomirlari trombozini hosil qilishi mumkinligi haqida xabar qilinayotgani bilan tushuntirilgan.

Foto: Pascal Rossignol / Reuters

Avvalroq Germaniya boshqa davlatlar ushbu vaksinadan voz kechayotganidan afsus bildirgandi. Biroq endilikda Germaniyaning Paul Erlix nomidagi vaksina va dori vositalari instituti vaksinaning emlanganlarda tromblar hosil bo‘lishiga ta'sirini  o‘rganish lozimligi haqidagi xulosaga kelgan va aholini emlashda AstraZeneca vaksinasini qo‘llashni to‘xtatish bo‘yicha tavsiya bergan.

Avvalroq Yevropada vaksina bilan emlanganlarda tromblar hosil bo‘lishi bilan bog‘liq 40ga yaqin holat qayd etilgan.  

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron vaksinaning qo‘llanishiga taqiqlov Yevropaning dori vositalari agentligi (EMA) u bo‘yicha xulosalar chiqarmaguncha amal qilishini aytgan. EMA AstraZeneca vaksinasi bo‘yicha 16 mart kuni bayonot berishi kutilmoqda. Avvalroq agentlik ushbu vaksinani qo‘llashni davom ettirishga chaqirgan.

Italiyada ham EMA qarorigacha ehtiyot chorasi sifatida vaksinani qo‘llashni to‘xtatib turishga qaror qilingan.

Bundan tashqari, Ispaniyada ham ushbu vaksinani qo‘llash kamida 15 kunga to‘xtatildi. Shu bilan birga, EMA 15 kun ichida AstraZeneca vaksinasi tromblarga olib kelmasligini isbotlovchi tadqiqot natijalarini taqdim etsa, ushbu qaror bekor qilinishi ma'lum qilingan.

Avvalroq yuqorida keltirilgan holat sababli Niderlandiya, Avstriya, Ruminiya, Bolgariya va boshqa davlatlarda AstraZeneca vaksinasi bilan emlash to‘xtatilgandi. JARda ushbu vaksinaning koronavirusning afrikacha turiga nisbatan samaradorligi pastligi sababli undan foydalanishdan umuman voz kechilgan.  

AstraZeneca’da ta'kidlanishicha, kompaniyada emlanganlarda tromblar hosil bo‘lishi xavfi haqida ma'lumotlar yo‘q. Shuningdek, JSST ham vaksina salomatlik yomonlashishiga olib kelishining isbotlarini topmaganini ma'lum qilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top