22:09 / 16.03.2021
10332

«2021 yilda ham elektr energiyasi tarifi oshirilmaydi» - Ulug‘bek Mustafoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni Qashqadaryo viloyatida hamda respublika suv ta'minoti, elektr energiyasi yetkazib berish sohalarida joriy yilda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisi Ulug‘bek Mustafoyev taqdimotdan so‘ng jurnalistlar bilan muloqot vaqtida elektr energiyasi narxlari oshirilmayotgani, tizimda bo‘lib turadigan jinoyatlar haqida fikrlarini bildirdi.

«Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar belgilangan. Xususan, 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingta transformatorni yangilash rejalashtirilgan. Bu ishlar natijasida O‘zbekistondagi 5 ming 377ta mahallaning elektr ta'minoti yaxshilanadi.

Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlab o‘tmoqchiman, bu qilinayotgan ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Katta mablag‘ sarflanyapti, maqsad xalq manfaat topsin. E'tibor bersangiz oxirgi ikki yilda elektr energiya tariflari oshirilmayapti. O‘sha eski 295 so‘m narxida.

Prezidentimiz 2021 yil uchun ham tarifni oshirmaslik chorasini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Hamma narsa oshyapti, lekin elektr narxi oshgani yo‘q. Davlat rahbari bizga tannarxni kamaytirish masalasini qo‘ymoqda.

Besh barmoq barobar emas. Hozirda 25 ming atrofida inson mehnat qilyapti. Tizimda o‘g‘riliklar, nojo‘ya qilinayotgan ishlar juda ko‘p», –  dedi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisi Ulug‘bek Mustafoyev.

Top