08:03 / 16.03.2021
4712
Fermer xo‘jalikning 7 gektar yerini 500 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Navoiy viloyatida fermer xo‘jaligi raisi va uning sherigi xo‘jalik tasarrufidagi, paxta va g‘alla ekib kelingan 7 gektar yerni 500 mln so‘mga sotib yubormoqchi bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Navoiylik fuqaro O.R. hamda hududdagi fermer xo‘jaliklaridan birining rahbari Yu.K. paxta va g‘allachilik yo‘nalishidagi yer maydonining 7 gektarini bog‘dorchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 500 mln so‘mga o‘zga shaxsga hokimlik qarorini chiqarib bermoqchi bo‘ldi.

Ular Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘z «xizmatlari» uchun oldindan 1 000 dollar va 239,5 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan O.R. va Yu.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Oldinroq Navoiyda qariyb 1 gektar yerni 30 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan edi.

Top