17:49 / 16.03.2021
14627
Navoiydagi noqonuniy qurilishlardan birini amalga oshirgan kompaniya ta'sischisi senatorligi ma'lum bo‘ldi

Qurilish vazirligi tomonidan Navoiy viloyatida olib borilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan noqonuniy qurilishlardan birini olib borayotgan kompaniya – «ZARAFSHON GOLDEN GROUP» MChJ ta'sischilaridan biri Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a'zosi Ulug‘bek Fayziyev ekani ma'lum qilindi.

Davletovuz’ning aniqlashicha, Ulug‘bek Fayziyev ushbu kompaniyaning 91,5 foizlik ulushiga egalik qiladi.

Qurilish vazirligi e'lon qilgan ma'lumotga ko‘ra, «ZARAFSHON GOLDEN GROUP» MChJ tomonidan Zarafshon shahri 13-kichik tumanida shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmagan holda ko‘p qavatli turar joy obektida qurilish-montaj ishlari boshlangani aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, jamiyat mansabdor shaxsiga nisbatan ma'muriy javobgarlik qo‘llash bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga taqdim etilgan.

Ma'lumot uchun, «ZARAFSHON GOLDEN GROUP» MChJ ta'sischiligidagi «ZARAFSHON BUILDING» MChJ tomonidan ham Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasida noqonuniy qurilish olib borilgani aniqlangan edi.

Shuningdek, 2020 yil 6 avgust kuni «ZARAFSHON GOLDEN GROUP» MChJ Navoiy viloyati Zarafshon shahrida 650 o‘rinli karantin zonasini qurish bo‘yicha Navoiy viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» IK bilan jami 8 mlrd 226 mln so‘mlik davlat xaridi bo‘yicha shartnoma tuzgan.

UPD: «Zarafshan Golden Group» kompaniyasi Qurilish vazirligi saytida e'lon qilingan yuqoridagi holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, Zarafshon shahar hokimining 2020 yil 28 iyuldagi Q-214-sonli qarori bilan «Zarafshan Golden Group» MChJga Zarafshon shahar 13-kichik tuman hududidan, shaharning bosh rejasiga asosan “Ko‘p qavatli turar-joy binosi qurish uchun” 0,525 ga yer maydoni ajratib berilgan.

Qurilish ishlarini amalga oshirish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i Navoiy viloyat Qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i tomonidan 2020 yil 25 avgustda tasdiqlangan hamda tabiiy gaz, elektr tarmoqlari, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish yuzasidan texnik shartlar berilgan. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi olingan.

Mazkur qurilish obektida faqat kotlovan qismi ishlari yakunlanib, loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlatish va belgilangan tartibda Davlat ekspertizasidan o‘tkazib, hujjatlar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar joriy yil 9 fevralda viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmaga asosan qurilish ishlari to‘xtatilgan va bu haqda inspeksiyaga xabar qilingan.

Shuningdek, jamiyat ta'sischiligidagi “ZARAFSHON BUILDINGS” MChJ tomonidan Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4937-sonli qaroriga asosan turar-joy binolari, savdo va maishiy binolar qurilishi yuzasidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanib, texnik shartlar, davlat ekologik xulosasi va boshqa zaruriy hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilmoqda.

Tegishli hujjatlar o‘z vaqtida rasmiylashtirimaganligi va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas'ul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. 

Top