17:37 / 16.03.2021
14005
Toshkent shahri hokimligi koronavirus aniqlangan oilalarda karantinga rioya etmaganlarga qonuniy choralar ko‘rilishidan ogohlantirdi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘ining Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining o‘ttiz oltinchi sessiya ishtirokchilariga qilgan ma'ruzasidagi ma'lumotlarga ko‘ra, uchta tumanda karantin qoidalariga mas'uliyatsizlik bilan yondashish kasallikning keng tarqalishiga olib kelgan.

Jumladan:

  • 2021 yilning 10 mart kuni Yunusobod tumanida joylashgan bolalar (yoki ta'lim) muassasasi tarbiyachisi R. M.da koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Epidemiologik surishtiruv natijasida tarbiyachi xonadonida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemor bo‘lishiga qaramasdan, ushbu tarbiyachi karantinga rioya etmasdan ish joyiga borib ishlagan va natijada 11 mart kuni epidemiologik ko‘rsatmaga asosan muassasaning tarbiyachi va tarbiyalanuvchilaridan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganida, 13 mart kuni 2 nafar tarbiyachida, shifokorda va 1 nafar tarbiyalanuvchida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Hozirda bu ish Toshkent shahar prokuraturasining nazoratiga olingan;
  • 2021 yilning 5 mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ta'lim muassasasi tarbiyachisi M.M.ning qaynotasi davolash muassasasiga koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan yetkazilgan va 7 mart kuni vafot etgan. 9 mart kuni  janoza paytida mazkur ta'lim muassasasining bir necha xodimlari ishtirok etgan va bu bilan muassasa tarbiyalanuvchilarining sog‘lig‘ini xavfga qo‘ygan;
  • Olmazor tumanida joylashgan oliy ta'lim muassasasiga qarashli yotoqxonada ham 3 nafar talabada bir necha kundan buyon tana haroratining ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i va holsizlik belgilari bo‘lganligi sababli, talabalardan 11 mart kuni koronavirus infeksiyasiga test tahlil surtma namunalari olingan. 2021 yil 13 mart kuni oliy ta'lim muassasasining tegishli fakultetida kasallik alomati mavjud bo‘lmagan 4 nafar talabada kasallik aniqlangan.

Shularni inobatga olgan holda mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga qator ko‘rsatmalar berilib, Toshkent shahriga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha Toshkent shahar shtabining qarori qabul qilindi. 

Unga ko‘ra:

  • koronavirus infeksiyasi aniqlangan oilalarda karantin talablariga rioya etmagan fuqarolarga nisbatan qonuniy jazo choralari ko‘riladi;
  • aholi orasida COVID-19 keng tarqalishining oldini olish, fuqarolar salomatligini himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ommaviy-madaniy tadbirlar o‘tkazilishida karantin talablariga qat'iy rioya etilishi nazoratga olinadi;
  • sport musobaqalarini tomoshabinlarsiz o‘tkazish choralari ko‘riladi;
  • epidemiologik vaziyat yomonlashgan taqdirda joriy yilning 1 aprelidan boshlab ommaviy tadbirlarni vaqtincha to‘xtatib turish yuzasidan Respublika Maxsus komissiyasiga tegishli taklif kiritiladi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top