13:40 / 16.03.2021
44032
«Turon» bosh murabbiyi ikki o‘yinga chetlatildi, klub prezidenti jarimaga tortildi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, bir necha rasmiylarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi, deya xabar bermoqda O‘FA rasmiy sayti.

«Turon» klubi murabbiyi Islombek Ismoilov

«O‘zbekiston Superligasi 2-turi doirasida «Turon» klubi murabbiyi Islombek Ismoilov «So‘g‘diyona» klubiga qarshi bahsdan keyingi rasmiy flesh-intervyu chog‘ida so‘kingan holda, etika normalarini buzganligi uchun Tartib-intizom qo‘mitasi unga nisbatan 2ta o‘yinga chetlashtirish intizomiy chorasini belgiladi. «Turon» klubi prezidenti Abduvahob Ahmadaliyev «So‘g‘diyona» klubiga qarshi bahsdan keyingi flesh-intervyu chog‘ida o‘z fikrlarini qo‘pol tarzda bildirgani uchun Tartib-intizom qo‘mitasi unga nisbatan jarima intizomiy chorasini belgiladi», - deyiladi O‘FA xabarida.

Avvalroq, Tribuna.uz sayti «Turon» bosh murabbiyi jazo chorasi sifatida Superliga doirasidagi ikki uchrashuv – 3-turdagi «Lokomotiv» va 4-turdagi «Nasaf»ga qarshi o‘yinda murabbiylar o‘rindig‘i emas, tribunada o‘tkazishi haqida xabar bergandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 15 iyul kuni O‘FAning yangi prezidenti etib Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov saylangandi.

Azizov bu lavozimga saylangani munosabati bilan O‘FA konferensiyasida so‘zga chiqib, o‘zbek futbolida totalizator, kelishilgan o‘yinlar kabi tushunchalarni yo‘qotish birinchi darajali vazifa bo‘lishi kerakligini aytgandi

Top