20:33 / 17.03.2021
3777
JSST AstraZeneca vaksinasini qo‘llashni davom ettirishni tavsiya qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti davlatlarga AstraZeneca kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasini qo‘llashni davom ettirishni tavsiya qildi. Avvalroq ushbu vaksina emlanganlarda nojo‘ya ta'sirlar keltirib chiqarishi, jumladan tromb hosil qilishi mumkinligi sababli ko‘plab davlatlarda qo‘llanishi to‘xtatilgandi.

Foto: Saqib Majeed/SOPA Images/LightRocket via Getty Images

“JSST AstraZeneca vaksinasini qo‘llashning afzalliklari u bilan bog‘liq xatarlardan ustun deb hisoblaydi va u bilan emlashni davom ettirishni tavsiya qiladi”, deb aytilgan JSST bayonotida.

Bayonotda ta'kidlanishicha, JSSTning vaksinalar xavfsizligini baholash qo‘mitasi AstraZeneca vaksinasining xavfsizligi haqidagi oxirgi ma'lumotlarni sinchkovlik bilan o‘rganmoqda va bu jarayon tugashi bilanoq natijalar ma'lum qilinadi. 

JSSTda aytilishicha, tibbiyotda tromblar hosil bo‘lishi kam uchrovchi hodisa emas va vena tromboembolizmi yurak-tomir kasalliklari orasida keng tarqalganlik bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. 

Avvalroq bir qator davlatlar, jumladan Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya AstraZeneca vaksinasini qo‘llashni to‘xtatib turishini e'lon qilgandi. Bu qaror vaksina bilan emlanganlarda tromblar hosil bo‘lgandan keyin qabul qilingan.

Keyinroq Yevropaning dori vositalari bo‘yicha agentligi (YeMA) ijrochi direktori Emer Kuk AstraZeneca vaksinasi bilan emlashning foydasi uning ikkilamchi ta'sirlaridan ustunroq ekanini aytgan. 

AstraZeneca ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda vaksina bilan Yevropa ittifoqi va Britaniyada 17 mln kishi emlangan. O‘tgan hafta holatiga ko‘ra, uni qo‘llashdan keyin tromblar hosil bo‘lishi bilan bog‘liq 40taga yaqin holat qayd qilingan.  

Avvalroq O‘zbekiston AstraZeneca vaksinasining hindcha muqobili hisoblangan CoviShield vaksinasidan 660 ming doza qabul qilib olgani xabar qilingandi. Fevral oyi boshida O‘zbekiston Britaniyadagi Oksford universiteti va AstraZeneca kompaniyasi tomonidan tayyorlangan vaksinadan 2,6 million doza olishi haqida ma'lumot berilgan.

Top