18:51 / 17.03.2021
8133
Oliy sud matbuot kotibi «Sardoba ishi» yopiq sudda ko‘rilayotgani haqida gapirdi

Sardoba suv ombori o‘pirilishiga oid jinoyat ishi yopiq sudda ko‘rilmoqda. Oliy sud matbuot kotibi buni «turli xil gap-so‘z, talqinlar bo‘lmasligi» bilan izohladi.

16 mart kuni O‘zbekiston Oliy sudida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mahkama matbuot kotibi Aziz Obidov jamoatchilik diqqat markazida turgan sud jarayonlarining yoritilishiga to‘xtaldi.

Obidov bloger Otabek Sattoriy ishi va Toshkent viloyati sobiq bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva ishini yoritishda jurnalistlarni xolislikka chaqirdi.

«Bu ishlar sudda ochiq-oydin ko‘rilyapti. Lekin, nima bo‘lganda ham, ayrim blogerlar va boshqa OAV vakillari internet tarmog‘ida ushbu jarayonlarni yoritishda, yumshoq qilib aytganda, xatolarga yo‘l qo‘yyapti. Men bularni [sud jarayonlarini] xolis va to‘g‘ri yoritishga da'vat qilardim. Shuningdek, sud jarayoni yakunini, sudning hukmini kutishga chaqiraman», – dedi u.

Oliy sud matbuot kotibi Sardoba suv omboridagi texnogen ofatga oid jinoyat ishi yopiq sudda ko‘rilayotgani haqida ham to‘xtaldi.

«Yaqinda rasmiy OAVda – internet nashrida ishlaydigan bir jurnalist menga telefon qilib so‘rayapti: «Aziz aka, [Sardoba ishi bo‘yicha] yopiq sud bo‘lyapti. Shuning tafsilotlarini bir aytib bersangiz, nima bo‘layotgan ekan?»

Men aytdim, biz sud boshlanishidan oldin ish yopiq sudda ko‘riladi deb e'lon berganmiz. Turli xil gap-so‘z, talqinlar bo‘lmasligi uchun. Yopiq sud tugagandan keyin lozim bo‘lgan axborot Oliy sud tomonidan e'lon qilinadi», – deya Aziz Obidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Aziz Obidov

Eslatib o‘tamiz, «Sardoba ishi» Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rilyapti. Oliy sud bu haqda bundan 3 oy oldin xabar bergandi. 21 dekabrda boshlangan sud haqida mahkama jamoatchilikni 25 dekabrda xabardor qilgan.

Sudlanuvchilar – jami 17 kishi. Hozircha yagonaligicha qolayotgan rasmiy axborotda 17 nafar sudlanuvchidan faqat bir nafarining kimligi ochiqlangan: M.Xolmatov, u «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi» boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Ishning yopiq sudda ko‘rilishi uning «bevosita davlat sirlariga bog‘liqligi» bilan izohlangan.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top