15:15 / 17.03.2021
15529
Otabek Sattoriy ishi. «Denovgazta'minot» va «Boysuntumangazta'minot» xodimlari: «Otabek bizdan 200 dollardan so‘ragan»

Ayni damda Surxondaryoda bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha ikkinchi sud majlisi davom etmoqda. Unda jabrlanuvchilar – «Denovgazta'minot» va «Boysuntumangazta'minot» gaz idorasida haydovchi bo‘lib ishlaydigan Ashur Xudoyqulov va Zokirjon Xursanov so‘roq qilindi.

Foto: Facebook / Otabek Sattoriy

Ashur Xudoyqulov sudya, prokuror va advokatlarning savollariga javob bera turib, o‘sha kuni Denov tumani Shahrinav mahallasiga gaz ballonlarini olib ketayotganida tumanning Oloviddin uchastkasida Otabek Sattoriy yonidagi sherigi bilan uni yo‘l chetiga siqib to‘xtatganini, so‘ng so‘roqqa tutganini bildirdi. Uning aytishicha, Otabek Sattoriy undan hujjatlarni so‘ragan, tarozi bor-yo‘qligi bilan qiziqqan va jarayonni videoga olgan.

Jabrlanuvchining hikoya qilishicha, shundan so‘ng Otabek Sattoriy Ashur Xudoyqulovga jarayonni videoga olganini aytib, undan videolarni internetga chiqarmaslik uchun 200 dollar so‘ragan va «soat 20:00 gacha falon joyda bo‘laman», deb ketgan.

Ashur Xudoyqulov hodisaning ertasi kuni insult olib kasalxonaga tushganini va bir necha kun davolanib chiqqanini aytdi.

Savol beruvchilardan biri: «Siz mazangiz qochib kasalxonaga borganingizda, shifokorlarga Otabek Sattoriy do‘q-po‘pisa qilgani uchun mazangiz qochganingizni aytdingizmi?» deb savol berganda, Ashur Xudoyqulov «ha» deb javob berdi.

«Shifokor bir insonning xatti-harakati tufayli sizni mazangiz qochganini bilgach, bu haqda ichki ishlar xodimlariga xabar berdimi? Oldingizga ichki ishlar xodimi keldimi?» deb berilgan savolga jabrlanuvchi: «Shifokor ichki ishlar xodimlariga xabar bergan-bermaganini bilmayman. Oldimga ichki ishlar xodimi kelmadi. Men davolanib chiqqanimdan so‘ng, Otabek Sattoriyning qo‘lga olinganini eshitib, ichki ishlar idorasiga uning ustidan o‘zim shikoyat qilib bordim. Men davolanish uchun ancha mablag‘ sarflaganman, uni to‘lashi kerak», deb javob berdi.

Ikkinchi jabrlanuvchi – «Boysuntumangazta'minot» gaz idorasi haydovchisi Zokirjon Xursanov ham gaz tarqatib yurganida Otabek Sattoriy uning oldiga borib: «Nega ballonga gazni kam urib kelyapsizlar? Nega qaytim bermayapsizlar?» deb so‘roqqa tutganini va jarayonni videoga olganini, so‘ng o‘sha videoni internetda tarqatmaslik uchun 200 dollar so‘raganini va telefon raqamini qoldirib ketganini bildirdi.

Uning aytishicha, u holat haqida o‘zining bo‘lim boshlig‘iga hisobot bergan va Otabek Sattoriyning 200 dollar so‘raganini aytgan. Ammo Otabek Sattoriyga telefon qilmagan va 200 dollarni olib borib bermagan. «Men Otabek Sattoriyga telefon qilmadim, so‘ragan pulini bermadim, shu sababli u 3-4 kundan so‘ng videoni internetga qo‘yib yubordi», dedi Zokirjon Xursanov.

Savollarga javob berish jarayonida Zokirjon Xursanov 28 yanvarda ijtimoiy tarmoqlarda Otabek Sattoriyning qo‘lga olinganini bilganidan so‘ng bo‘lim boshlig‘i bilan maslahatlashganini, boshlig‘i unga «ariza bersang ber» deganini qo‘shimcha qildi.

Xursanovning ko‘rsatmasiga ko‘ra, shundan so‘ng unga bo‘lim boshlig‘i arizani viloyat IIBga borib berish kerakligini aytgan va u borib Otabek Sattoriyning 200 dollar so‘raganini yozib bergan.

Otabek Sattoriy har ikki jabrlanuvchidan pul so‘ramaganini va ular yolg‘on guvohlik berayotganini aytdi.

Sud majlisi davom etmoqda.

Top