21:56 / 17.03.2021
38066
Otabek Sattoriy sudda ko‘rsatma berdi

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud majlisining avvalida ikki nafar jabrlanuvchi, so‘ng Otabek Sattoriy so‘roq qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Facebook / Otabek Sattoriy

Otabek Sattoriyning ma'lum qilishicha, uni qo‘lga olishgandan so‘ng, qamoqxonada turli bosimlar o‘tkazilgan. Bloger uni yuqumli kasalliklarga chalingan shaxslar bilan birga saqlashgani va bu haqda uni ogohlantirishmaganini aytdi.

Shuningdek, Sattoriy sovuq kamerada yupun holda saqlashgani va otasi olib kelgan issiq kiyimni olib kirib berishmaganini bildirdi.

Uning aytishicha, tergovchilardan biri unga: «Hujjatlarga tezroq qo‘l qo‘yib ber. Sen pishding. Bitta umiding – iqror bo‘lish», degan gaplarni aytgan va po‘pisa qilgan.

Sudlanuvchiga ko‘ra, tergovchilar unga: «Senlarga katta erk berib yuborishdi. Indamasa, o‘zlaringdan ketib qolyapsanlar. Senlarni so‘z erkinligingdan mahrum qilamiz. Yo‘lingdan qaytmasang, yomon bo‘ladi. Seni deb hamma blogerlarning ovozi o‘chadi», deyishgan.

Otabek Sattoriy tergov davom etayotgan paytda ochlik e'lon qilgani va prezidentdan siyosiy boshpana so‘raganini aytib o‘tdi.

Otabek Sattoriy Sherobod bozorida ro‘y bergan hodisa haqida ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, sherigi Farhod bilan bozorlarda arzon-mahsulotlar narxini barqaror ushlash va arzon-oziq ovqatlar rastalarini tashkil etishga oid qaror ijrosini Surxondaryodagi mutasaddilar qay darajada bajarishayotganini o‘rganish maqsadida Sherobod bozoriga borgan.

Uning aytishicha, Sherobod tumanidagi bozorni videoga olgan va chiqib ketayotganida ikkita notanish yigit ularning yo‘lini to‘sgan. Ulardan biri Otabek Sattoriyning qo‘lidagi telefonni tortib olgan. Shundan so‘ng, Otabek va uning sherigi tuman hokimiga borib uchrashgan. Hokim ichki ishlar bo‘limiga telefon qilgan. Otabekning telefonini boshqa shaxs olib kelib bergan. Otabek Sattoriy ichki ishlar xodimlaridan biriga og‘zaki murojaat qilgan va telefonini tortib olgan zo‘ravonlarga chora ko‘rishni so‘ragan. Ichki ishlar xodimlari ularni yarashtirishga uringan. Otabekning telefonini tortib olgan yigitlar kelib kechirim so‘rashgan.

Otabek Sattoriyning ko‘rsatmasida aytishicha, Sheroboddan chiqib ketayotganda telefoniga zarar yetkazishganini sezgan. Oradan bir oy o‘tib, u boshqa bir murojaat ortidan Sherobod tumani hokimiyatiga borgan. Tumani hokimi undan «telefoning nima bo‘ldi» deb so‘ragan va zarar yetgan telefon o‘rniga boshqa telefon olib berishini aytgan. Shundan so‘ng, Otabek Sattoriyga Sherobod tumani hokimining o‘rinbosari qo‘ng‘iroq qilib, telefonni bozor direktori olib berishini bildirgan. Bozor direktori telefonni olib kelib bergan paytda uni tezkor xodimlar ushlashgan.

«Men na hokimga, na uning o‘rinbosariga, na bozor direktoriga telefon olib ber demaganman. Hokimning o‘zi zarar yetgan telefonimning o‘rniga telefon olib berishini aytdi. Afsuski, shu bahona tadbir uyushtirishdi», dedi u.

Sudya Otabek Sattoriydan: «Zarar yetkazilgan telefoningiz 200-250 dollar atrofida bo‘lgan. Siz nega 500 dollar narxlanadigan telefon olgansiz?» deya so‘radi. Sudlanuvchining javobi quyidagicha bo‘ldi: «O‘zlari rozi bo‘lib berishdi. Mening telefonimga zarar yetkazishdi va oqibatda men ancha narsa yo‘qotdim. Buning evaziga boshqa markadagi telefonni so‘radim».

«Demak, hokimiyat yoki boshqa bir tashkilot sizga qimmatbaho narsa sovg‘a qilsa, olar ekansiz-da?» deb berilgan savolga, Otabek Sattoriy: «O‘zi rozi bo‘lib sovg‘a qilsa, kim olmaydi?» deb javob berdi.

Sudda ishtirok etayotgan prokuror Otabek Sattoriyga: «Ayting-chi, siz 5 million so‘mlik telefonni sovg‘a tariqasida olganmisiz yoki zarar yetkazilgan telefoningiz o‘rniga olganmisiz?» deb savol berdi. Sattoriy bu savolga: «Sovg‘a qilishgani uchun oldim, sovg‘a pora hisoblanmaydi-ku» deb javob qildi.

Sudda prokurorning ma'lum qilishicha, Sherobod bozorining direktori Otabek Sattorovdan «qanday telefon ishlatasiz?» deb so‘raganida, u «Vivo 40» rusumli telefon ishlatishini, ammo «Vivo 50» telefonini olib bersa ham yaxshi bo‘lishini aytgan.

Prokuror: «Siz Sherobod bozori direktoriga telefonda gaplashmaylik, 1-2ta prokurorlarning dumini bosganim uchun bosim o‘tkazishyapti», degansiz. Qani ayting-chi, qaysi prokuror sizga bosim o‘tkazgan?» deb bergan savoliga Otabek Sattoriy «hazillashganman» deb javob qaytardi.

So‘roq davomida Otabek Sattoriydan «Shu paytgacha siz qayerdan daromad qilgansiz va qilgan daromadlaringizdan soliq to‘laganmisiz?» deya so‘ralganida, u: «Bir yildan beri ishlamayapman. Ungacha turli joylarda ishlaganman va soliq to‘laganman», deya javob qaytardi.

«Bir yildan beri nimaning hisobidan daromad qilyapsiz? Tirikchilik qayerdan o‘tyapti?» degan savolga, u avvaliga: «Buni aytishim shart emas. Bu savolning javobi sir bo‘lib qolsin», dedi. Savol takroriy berilganda, «Ota-onamning pensiyasi hisobidan yashab kelyapman», deb javob berdi.

Shuningdek, sudlanuvchiga Sheroboddagi bozor qanaqa bozor ekani bilan qiziqdingizmi, qanday bozor ekanini bilarmidingiz, degan savol berildi. Sattoriy «Qanaqa bozorligi bilan qiziqqanim yo‘q. Men xalq manfaati uchun borganman», deb javob berdi.

Savol beruvchi: «U bozor dehqon bozori emas va u yerda oziq-ovqat sotilmaydi. U bozor kiyim-kechak bozori. Shunday ekan, u yerda xalq manfaati uchun arzon oziq-oziq ovqat yetkazib berish talabini o‘sha bozorga aloqasi bormi?» deb so‘radi.

Otabek Sattoriy: «Bozorning darvozasiga «bozor» deb yozilgan edi, kiraverganmiz», deb javob berdi.

Sud 25 martga qadar tanaffus e'lon qildi.

Kun.uz avvalroq ushbu sudda ikki jabrlanuvchi – «Denovgazta'minot» va «Boysuntumangazta'minot» xodimlari ham ko‘rsatma bergani, bu ikki jabrlanuvchi Otabek Sattoriy ulardan 200 dollardan so‘raganini aytgani haqida xabar bergandi.

Shuningdek, majlis avvalida jabrlanuvchilardan birining advokati jurnalistlarga chora ko‘rish bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritdi. Shundan so‘ng sudya majlisni to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatishni taqiqladi.

Top