09:02 / 17.03.2021
10532
Qotillik uchun jazolanib chiqqan samarqandlik shaxs yana odam o‘ldirib qo‘ydi
Foto: Illyustrativ

Samarqand shahrida yashovchi, qotillik uchun avval ham Rossiyada sudlangan shaxs yana odam o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ma'lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, 2021 yilning 13 mart kuni soat 22:30 larda 46 yoshli Baxtiyor R. Samarqand shahri Sattepo mavzesi «Hofiz Sheroziy» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan yashash xonadonida mast holatda o‘tirganida, oldiga tanishi 48 yoshli Alijon M. mast holatda kelib, u bilan spirtli ichimlik iste'mol qilishni taklif qilgan. Baxtiyor R. uning taklifini rad etgan.

Oqibatda ular o‘zaro janjallashib qolishgan va Baxtiyor R. qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan Alijon M.ning ko‘krak qismiga bir marotaba urib, jarohat yetkazgan. Shundan so‘ng Baxtiyor R. jarohatlangan Alijon M.ni shifoxonaga olib borish maqsadida yaqin oradagi do‘kon ishchisidan yordam so‘ragan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, Alijon M. shifoxonada vafot etgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ma'lum bo‘lishicha, Baxtiyor R. muqaddam Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi (Qotillik jinoyati) bilan sudlangani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Baxtiyor R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov davom etmoqda.  

Top