17:06 / 17.03.2021
26741
«Rus ruletkasi» yoxud Rossiyaning vaksina diplomatiyasi g‘alabasimi? Yevroittifoqqa «Sputnik V» kerakmi?

Yevroittifoq Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasidan namoyishkorona voz kechganiga qaramasdan, Yevropa regulyatori va YeIning a'zo davlatlari bu masalada rasmiy Moskva bilan «shirin muzokaralar» olib borishyapti, deya xabar bermoqda Reuters axborot agentligi

Foto: Aleksandr Shcherbak/TASS

Yevropa kengashi parlamenti assambleyasi rahbari Hendrik Dams dushanba kuni Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin bilan uchrashuvda shunga yaqin bayonot bergan.

Biroq bu ma'lumotni tasdiqlovchi rasmiy tasdiq bo‘lgani yo‘q. Undan tashqari, dushanba kuni Yevrokomissiya raisi Stefan de Keyersmaker Rossiya vaksinasini xarid qilish bo‘yicha hech qanday muzokaralar olib borilmayotganini yana bir bor ma'lum qildi.

«Istalgan paytda Yevrokomissiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari birgalikda foydalaniladigan vaksinalar ro‘yxatini kengaytirishi mumkin. Lekin ayni damda bir hafta avval aytganimdek Yevroittifoq vakillari Rossiya vaksinasi ishlab chiqaruvchilari bilan hech qanday muzokara olib borishmayapti», deydi de Keyersmaker Daily Mail jurnalisti bergan savollarga javoban.

Yevropada «Sputnik V»ga qiziqish bormi-yo‘qmi?

Bundoq olib qaralganda, yevrokomissarning bayonoti Reuters xabarlariga zid kelmaydi. Agentlikning manbalariga ishonsak, Yevropa davlatlari rahbarlari Yevroittifoqning to‘rt a'zo-mamlakati: Vengriya, Italiya, Slovakiya va Chexiyadan tegishli so‘rovlar tushganidan so‘ng «Sputnik» borasida faqat muzokaralar olib borish imkonini ko‘rib chiqishyapti, xolos.

Yevropa regulyatori rossiyaliklar vaksinasini tasdiqdan o‘tkazmagan, uni sertifikatlashtirishga shoshilmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, Vengriya va Slovakiya uni sotib olishga ham ulgurdi.

Undan tashqari, o‘tgan haftada Italiya Rim yaqinidagi ReiThera farmatsevtik zavodida «Sputnik» vaksinasini ishlab chiqarishga kelishib olgani xabar qilindi. EMA rahbari Krista Virtumer-Xoxe esa bu qarorga qat'iyan qarshi chiqdi. «Sputnik»ning muddatidan avval tasdiqdan o‘tkazilishini «insonlar salomatligi bilan rus ruletkasini o‘ynash» deb ta'rifladi.

EMA rahbarining bayonotiga javoban Kreml uni nodurust deb atadi va «Sputnik» ishlab chiqaruvchilari esa, rahbardan rasmiy uzr so‘rashni talab qilib chiqishdi.

Dushanba kuni «Sputnik»ga homiylik qilgan Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi raisi Kirill Dmitriyev jurnalistlarga «Sputnik»ni nafaqat Italiya, balki Yevropaning boshqa davlatlari ham ishlab chiqarishni istamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinani ishlab chiqarish bo‘yicha Italiya, Ispaniya, Fransiya va Germaniya kompaniyalari bilan kelishuvga erishilgan.

Undan tashqari, EMA tasdig‘idan o‘tishi bilan «Yevroittifoqda ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun bir necha kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda», degan Dmitriyev.

Hozircha Yevroittifoq hududida to‘rt vaksina rasman ro‘yxatdan o‘tgan: Comirnaty (Pfizer/BioNTech), AstraZeneca, Moderna va Janssen (Johnson & Johnson).

«Agar Yevropaning vaksina arsenali «Sputnik» bilan boyitilsa, bu rus diplomatiyasi uchun haqiqiy g‘alaba bo‘ladi. So‘nggi yillarda Rossiya va YeI o‘rtasidagi savdo aloqalari Qrim anneksiyasi va Ukraina sharqiga Moskvaning aralashuvi tufayli joriy qilingan sanksiyalar bois tushib ketgan. Bu, shuningdek, ittifoqning Moskvaga har qanday yon bosishni qoralaydigan va Bryusselning Kreml bilan hamkorligini normal qabul qiladigan davlatlarga bo‘linishiga olib kelishi mumkin», deb yozadi Reuters.

«Hatto biz shifokorlarda ham ma'lumot yo‘q!»

Yevroittifoqdan chiqib ketgan va vaksinatsiya katta templarda ketayotgan Buyuk Britaniyadan farqli o‘laroq, kontinental Yevropada bu jarayon juda sekin kechmoqda. Shuning fonida Bryussel qattiq tanqid ostiga olinmoqda, shu jumladan, Moskva tarafidan ham.

Dushanba kuni Hendrik Dams bilan uchrashgan Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin «Rossiya vaksinasini Yevropa bozoriga kirishiga qarshilik qilinayotganiga bir necha misollar bor» deya shikoyat qilgan.

Bunga javoban Dams YeMA Yevropada talab borligi bois «Sputnik» vaksinasini Yevropa Ittifoqiga yetkazishni ko‘rib chiqmoqda, deb aytgan.

Davlat dumasi matbuot xizmatiga tayangan holda Rossiyaning ko‘plab ommaviy axborot vositalari xabar berishdi. Lekin buni yangilik ham deb bo‘lmaydi: «Sputnik» vaksinasini tasdiqdan o‘tkazish uchun Yevropa regulyatori 4 mart kuni ariza qabul qilgan.

France Press ning xabar berishicha, Chexiya va Slovakiyada bir necha haftadan beri koronavirusdan o‘lim bo‘yicha jon boshiga dunyodagi eng katta ko‘rsatkichlar qayd etilyapti. Parij va uning atrofidagi kasalxonalar koronavirus bemorlari oqimini eplolmay qoladigan darajaga kelib qolayozdi. Italiyada esa, karantin choralari yana kuchaytirilmoqda, Germaniya fuqarolarini «uchinchi to‘lqin»dan ogohlantirmoqda.

Biroq shunga qaramay «Sputnik» vaksinasi vaziyatni o‘nglashga yordam berishiga barcha mutaxassislar ham ishonishmayapti.

«Vaksinatsiya preparat haqida to‘liq ma'lumotga ega odamlarga qilinishi kerak. Lekin ularga nima deyish mumkin agarki, shifokorlarning o‘zi ham vaksina haqida zarur ma'lumotga ega bo‘lmasa?!», deya Slovakiyaning tibbiyot xodimlari kasaba uyushmasi raisi Peter Visolayskiydan iqtibos keltiradi Lancet.

«Biror mijoz oldimga kelib «Sputnik» haqida so‘rasa, men tavsiya qilolmayman degan bo‘lardim. Balki bu yaxshi va samarador vaksinadir. Lekin u ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, demak, u haqda ma'lumot yo‘q», deydi Visolayskiy.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top