16:29 / 17.03.2021
3287
Toshkentda sovuq qurol olib yurish bilan bog‘liq o‘nlab holatlar aniqlandi

Toshkent shahar yo‘llarida tungi vaqtda nazoratni kuchaytirishga qaratilgan “Yo‘l harakati xavfsizligi” oyligi doirasida “Tig‘” profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, 2021 yilning 14 mart kunidan 15 mart kuniga va 15 mart kunidan 16 mart kuniga o‘tar tunda 235ta transport vositasi tekshirildi. Tekshiruvlardan maqsad – yonida psixotrop yoki giyohvandlik vositalari bo‘lgan, shuningdek qurol hamda salomatlikka zarar yetkazish uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan boshqa buyumlarni aniqlash. 

O‘tkazilgan ishlar natijasida, qayd etilgan davr ichida jamoat joyida sovuq qurol olib yurish bilan bog‘liq 30ta fakt aniqlandi, ular qatorida 25ta pichoq, 2ta kastet, 2ta bita, 1ta pnevmatik miltiq topildi.

Mirobod tumani Shahrisabz ko‘chasida sovuq qurolni qonunga xilof tarzda olib yurish fakti bilan bir qatorda, “Cobalt” avtomobili yukxonasidan haydovchiga tegishli bo‘lmagan transport vositasining davlat raqamlari topildi. Haydovchi mazkur raqamlarni topib olgani haqidagi ma'lumot tekshirilmoqda.

Yuqoridagi holatlarda xolislar guvohligida topilgan har bir buyum egasi bilan ichki ishlar organlariga yetkazildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar davom etayotgani aytiladi.

Top