08:44 / 17.03.2021
3220
Toshkentda sun'iy nafas olish uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Loyihaga 6 mln dollar jalb etilgan

16 mart kuni Toshkent shahrida o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qilish apparatlarini (IVL) ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Korxona yiliga 500 dona IVL apparati va 200 dona narkoz-nafas olish apparati ishlab chiqaradi.

Loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi, Rossiyaning «Shimco Group» va Slovakiyaning «Chirana Asia» kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 6 mln dollarga teng bo‘lib, 100 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.

Birinchi bosqichda 2 mln dollar miqdorida investitsiya kiritilgani, O‘SV apparatlarini yig‘ish sexi ishga tushirilib, 25 nafar ish o‘rni yaratilgani ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, «Chirana Asia» kompaniyasining apparatlari dunyoning mashhur brendlari «Drager» (Germaniya), «Gamilton» (Shveytsariya) qatoridan o‘rin egallab, boshqa kompaniya modellaridan farqli ravishda uch bosqichli ventilyatsiyani amalga oshiradi.

Kun.uz muxbiri loyiha yuzasidan innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovga yuzlandi.

«Pandemiya davrida yuqori texnologiyali asbob-uskunalarga talab judayam katta bo‘ldi. Ehtiyoj oshib ketgandan so‘ng bu texnologiyalarni topish judayam qiyin bo‘ldi. Shu sababli Slovakiyaning «Chirana Asia» kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi va Rossiya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda o‘pkani sun'iy shamollatish uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bu uskunalar dunyo analoglaridan kamida 30 foizga arzon. Buning iqtisodiy samaradorligi ham bor. Qolaversa, buni qo‘shni mamlakatlargayam eksport qilish bo‘yicha rejalar amalga oshirilmoqda.

Hozirda 500 dona yillik quvvatiga ega ishlab chiqarish amalga oshirilayotgan bo‘lsa, keyinchalik buni kengaytirmoqchimiz. Albatta, bu talabga qarab amalga oshiriladi. Loyiha doirasida 6 mln dollardan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jalb qilingan», – dedi Ibrohim Abdurahmonov.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 80 foizigacha bo‘lgan hajmi Markaziy Osiyo mamlakatlariga – birinchi navbatda Afg‘onistonga eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Top