07:48 / 17.03.2021
2724

«VEB.RF» O‘zbekistonda yangi loyihalarni moliyalashtirishga tayyorligi ma'lum qilindi

Joriy yilning 16 mart kuni hukumat delegatsiyasining Rossiyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Rossiyaning “VEB.RF” davlat taraqqiyot korporatsiyasi raisi Igor Shuvalov bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuv chog‘ida tomonlar ilgari kelishilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning joriy holati va uni jadallashtirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar xususida fikr yuritdi.

Shuningdek, O‘zbekistonda energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va farmatsevtika sohalarida yangi istiqbolli sanoat kooperatsiyasi loyihalarini o‘rganish orqali investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Korporatsiya rahbari O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Loyiha ofisi” faoliyati doirasida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha shakllangan yangi loyihalarni moliyalashtirish masalalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston – Rossiya iqtisodiy hamkorligini ilgari surish borasidagi sa'y-harakatlarni birlashtirish hamda Rossiya investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini jalb qilish uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lgan eng istiqbolli sohalarda yangi takliflar ishlab chiqish yuzasidan birgalikda ish olib borishni davom ettirishga kelishib oldi.

Top