22:14 / 18.03.2021
36193
«Bu davlatning joyi» - Prezident «Shovvozsoy» dam olish maskani bo‘yicha izoh berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hududida joylashgan Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi «Shovvozsoy» dam olish maskani haqida izoh berdi.

Prezidentning Quyi Chirchiqdagi klasterga tashrifi chog‘ida bloger Aziza Qurbonova prezidentga ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan «Shovvozsoy» dam olish maskani bo‘yicha savol bilan murojaat qildi.

«Bu «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning davlat korxonasi. Hech kim u yerda turib, yashab yoki birovga o‘tkazilgani yo‘q. U davlatning joyi. Prezidentning nima aloqasi bor? Prezident ham agar qandaydir martabali, O‘zbekistonga foydasi tegadigan inson kelsa, boradi.

Aytmaysizlarmi, prezident bilan biz piyoda yuramiz, sizlar ham kelib, bir marta piyoda yurib ko‘ringlar, keyin prezident 5 yilda necha marta dam olibdi ekan, degan savolni nega bermaysizlar?» degan davlat rahbari Toshkent viloyatiga safari doirasida jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida berilgan savolga javoban.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda «Shovvozsoy» dam olish maskani  O‘zbekiston rahbariyati uchun qurilgani haqida taxminlar paydo bo‘lgan edi. 

Ko‘p o‘tmay «O‘zbekiston temir yo‘llari» bu masala bo‘yicha izoh berib, xabar asossiz va noxolis ekanini ma'lum qilgandi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, bu yerda 2011 yildan boshlab, ya'ni 10 yil davomida bosqichma-bosqich qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Barcha investitsiyalar temir yo‘l kompaniyasining budjetdan tashqari mablag‘lari, jumladan, daromadlari hisobidan amalga oshirilgan.

Top