13:48 / 18.03.2021
18414

FVV kuchli shamol haqida ogohlantirdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekiston hududlarida kuchli shamol kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Vazirlik xabarnomasida aytilishicha, joriy yilning 18 mart kunidan 20 mart kuniga qadar respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi 17-22 m/s dan 23-28 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

“Shu munosabat bilan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarimizga kuchli shamol vaqtida zaruratsiz tashqariga chiqmaslikni tavsiya etadi. Avtomobil egalaridan avtomobillarni daraxtlardan uzoqroqqa qo‘yishni so‘rab qoladi”, deyiladi FVV ma'lumotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 19-20 mart kunlari O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi orqali Kavkaz hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib keladi.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, 18-20 martda respublikaning ba'zi joylarida shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, 18-19 martda 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

20 martda respublika hududlarida yomg‘ir yog‘adi, ba'zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), ba'zi joylarda kuchli bo‘ladi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Top