14:01 / 18.03.2021
11441

Shavkat Mirziyoyev: «Muammolar yechimini xalqimiz bilan birga izlashimiz kerak»

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Toshkent viloyatining Chinoz tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Prezident islohotlarni amalga oshirishda “qars ikki qo‘ldan chiqishi” kerakligini ta'kidlab, bu borada O‘zbekiston xalqi ham o‘z salohiyatini namoyish etib harakat qilishi lozimligi, davlat tomonidan barcha shart-sharoit yaratib berilishini aytdi.

“Toshkent viloyatida ishsizlik muammosi bo‘lmasligi kerak. Ayniqsa, Chinoz tumanida bunday muammo bo‘lishining o‘zi uyat. Bu muammolarni hal qilish uchun juda katta loyihalarni ishga tushiryapmiz. Toshkent viloyatining o‘zida uzoq yillarga mo‘ljallangan va 11 mlrd dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladigan loyihalar amalga oshiriladi. Mana, Toshkent viloyati hokimi bu vazifani zimmasiga olyapti. Viloyatni, ayniqsa, Chinoz tumanini respublikaga namuna qilib beradi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident energiya resurslari haqida ham gapirib o‘tdi.

“Energiya resurslari kamligidan ko‘p shikoyat qilinadi. Lekin hammasi solishtirganda ma'lum bo‘ladi. Uch yil avval bizning vaziyatimiz qanaqa edi? Shuni ham hisobga olish kerak”, dedi davlat rahbari.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev muammolar borligini, bu muammolarning yechimini birga izlash zarurligi haqida gapirar ekan, xalqimizga buni to‘g‘ri tushuntirish kerakligini ta'kidladi.

“Har yili respublikamiz aholisi soni o‘rtacha 700 ming nafarga ko‘paymoqda. Turli korxonalar ochilyapti. Xudo xohlasa, yana 10 yillarda aholisi 40 mln kishidan oshgan katta davlatga aylanamiz. O‘sha paytda biz qanchalik qudratli bo‘lishimiz ustida hozirdan ishlashimiz kerak”, dedi prezident.

Avvalroq, prezident Chinoz tumaniga borgani xabar qilingandi.

Top