23:56 / 18.03.2021
5425
Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiqdagi qurilish materiallari klasteri bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanidagi «Yevro Global Invest» MChJ faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

2020 yil dekabrda ish boshlagan «Yevro Global Invest» korxonasi yirik yig‘ma temir-beton panellari tayyorlashga ixtisoslashgan. Loyihaning umumiy qiymati 40 million yevro. 7 gektarlik ishlab chiqarish maydoniga Italiya, Germaniya va Avstriyadan zamonaviy liniyalar keltirib o‘rnatilgan.

«Korxona mahsulotlari jahon standartlariga mos, zilzilabardoshligi yuqori. Mazkur qurilish materiallari ishlatilgan uylar tannarxi boshqalarga nisbatan 30 foiz arzon bo‘ladi. Mahsulotlar rangli qilib tayyorlanishi ham mumkin.

Klaster usulidagi korxona yiliga 500 ming kub metr beton mahsulotlar ishlab chiqarish, 1 million tonna tosh maydalash, yana shuncha asfalt tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda shuningdek, ichki va tashqi eshiklar, deraza romlari, mebellar ham yasalmoqda», – deyiladi xabarda.

Davlat rahbari materiallar ishlab chiqarish va qurilishning to‘liq «zanjiri»ni tashkil etib, uy-joylar narxini arzonlashtirish, ko‘proq yoshlarni ishga jalb etish zarurligini ta'kidladi.

Korxonada ayni paytda 850 nafar ishchi mehnat qiladi. Yil yakunigacha ish o‘rinlarini 1 500 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu yerda 2021-2022 yillarda Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Top