12:16 / 18.03.2021
8381
Shimoliy Koreya AQShning yangi ma'muriyati bilan aloqa o‘rnatishi shartini ma'lum qildi 
Foto: Reuters

Shimoliy Koreya hukumati Vashington Pxenyanga nisbatan dushmanona siyosatidan voz kechmaguncha, AQShning yangi ma'muriyati bilan aloqa o‘rnatmaydi. Bu haqda Janubiy Koreyaning “Ryonxap” axborot agentligi xabar bermoqda. 

Agentlik bunda Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Chve Son Xining bayonotiga tayanmoqda.

Avvalroq AQSh Pxenyan bilan turli kanallar orqali bog‘lanishga harakat qilayotgani, biroq bu urinishlari besamar tugayotgani ma'lum qilingandi.

“Ular Janubiy Koreya bilan qo‘shma mashg‘ulotlar boshlashi arafasidagi kecha bizdan aloqaga chiqishni iltimos qilib xabar yo‘llashgan. Biroq biz AQShning o‘yinlariga yana munosabat bildirish kerak, deb hisoblamaymiz”, deb aytilgan bayonotda.   

Chve Son Xining ta'kidlashicha, agar AQSh Shimoliy Koreyaga dushmanona siyosatidan voz kechmasa, Pxenyan va Vashington o‘rtasida aloqalar va muzokaralar umuman bo‘lmasligi mumkin. “Shu sababli biz bundan buyog‘iga ham AQShning aloqa o‘rnatishga urinishlarini e'tiborsiz qoldiramiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Shimoliy Koreya vakili. Uning aytishicha, Shimoliy Koreya va AQSh o‘rtasidagi muloqot uchun “bir stol atrofida tenghuquqli asosda o‘tirib, fikrlar almashish mumkin bo‘ladigan” muhit zarur.

Chve Son Xi Shimoliy Koreya “AQSh kiritishni yaxshi ko‘radigan sanksiyalar”ga javob qaytarishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.

“Biz AQShga “kuchga kuch bilan” va “yaxshilikka yaxshilik bilan” tamoyili asosida qarshi turishimizni bildirib bo‘lganmiz”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Shimoliy Koreya vakili.

Avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon AQSh va Janubiy Koreya tomonidan Koreya yarimorolida o‘tkazilayotgan qo‘shma mashg‘ulotlar to‘xtatilishini talab qilib, aks holda Seul bilan tinchlik sulhini bekor qilish bilan tahdid qilgandi. Bundan tashqari, u AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyatini Koreya yarimorolida “porox hidini yoymaslik” va keyingi 4 yil davomida “tinch uxlashi uchun” xalaqit qiladigan ish qilmaslikdan ogohlantirgan. 

Top