23:05 / 18.03.2021
6359

Volkswagen Germaniyaning eng qimmatbaho kompaniyasiga aylandi 

Volkswagen avtomobilsozlik konserni dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchisi SAP’dan o‘zib ketib, Germaniyaning eng qimmatbaho aksiyadorlik kompaniyasiga aylandi. 

Foto: Getty Images

Frankfurt birjasidagi oxirgi savdolar vaqtida kompaniya aksiyalari 12 foizga o‘sib, uning bozor qiymati 140 mlrd yevrodan oshdi. Undan keyingi o‘rinda kelayotgan SAP’ning kapitallashuvi 127 mlrd yevroni tashkil qilmoqda.  

Bungacha Volkswagen 6 yil avval DAX indeksi yetakchisi bo‘lgan, biroq shundan keyin yuz bergan “dizelgeyt” mojarosi kompaniyaning pozitsiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. 

Ta'kidlash joiz, 2021 yil boshidan beri kompaniya aksiyalari 62 foizga qimmatlashgan. Ular narxi kompaniya rahbariyati batareyalar ishlab chiqarishga katta ko‘lamli investitsiyalar kiritishi va elektromobillar ulushini muntazam oshirib borishini e'lon qilgandan keyin so‘nggi kunlarda tobora o‘smoqda. Kompaniya 2025 yilgacha elektromobillar bozori yetakchisiga aylanmoqchi.

Ayni vaqtda Tesla 640 mlrd dollardan ko‘proq kapitallashuv bilan dunyodagi eng qimmatbaho avtomobilsozlik kompaniyasi bo‘lib qolmoqda. Biroq Volkswagen’ning o‘sishi sarmoyachilar kompaniyaning elektromobillar bozoridagi jadallashuviga e'tibor bera boshlashganini anglatadi.

Volkswagen, shuningdek, dasturiy ta'minot ishlab chiqarish yo‘nalishidagi xodimlari sonini 10 ming kishigacha oshirmoqchi. Bu esa kompaniyani SAP’dan keyin Yevropadagi eng yirik texnologik kompaniyalardan biriga aylantiradi. 

Mavzuga oid
Top