20:15 / 19.03.2021
6930

DSQ 1,2 trln so‘mdan ortiq QQSni noqonuniy hisobga olish faktlari tasdiqlanganini ma'lum qildi

Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 19 martda o‘tkazilgan kameral tekshiruv natijasiga asosan 8 529ta korxonada (1,2 trln so‘m) «soxta» operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlangan. 

Davlat soliq qo‘mitasining xabar qilishicha, joriy yilning 19 mart holatiga respublika bo‘yicha 8 796ta korxonada 1 284,5 mlrd so‘mlik asossiz hisob(zachyot)ga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summalariga aniqlik kiritish bo‘yicha kameral soliq tekshiruvlari yakunlangan.

Natijada:

– 8 529ta, ya'ni 97 foiz korxonada (1 214,6 mlrd so‘m) «soxta» operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi. Shundan 100ta, ya'ni 1,1 foiz (23,5 mlrd so‘m) tashkilotda QQS summasini noqonuniy hisob(zachyot)ga olish fakti qisman tasdiqlandi;

– 267ta, ya'ni nazorat tadbirlari o‘tkazilgan 3 foiz soliq to‘lovchilar tomonidan 46,4 mlrd so‘mlik QQS summasini to‘g‘ri hisob(zachyot)ga olganlik holatlari bo‘yicha asoslovchi hujjatlar taqdim etildi. Shu sababli ulardan ortiqcha olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tezkor jarayonlar boshlandi.

«Shuningdek, kameral soliq tekshiruvlari natijasida kontragentlar xatolari tasdig‘ini topgan bo‘lsa-da, kamchiliklarini tan olgan 352ta sub'yektga 53,9 mlrd so‘mlik budjetga to‘lanishi lozim summalarni joriy yil yakuniga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashlariga ruxsat berildi», — deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq «obnalchi»lar ishi yuzasidan tadbirkorlar soliq organini sudga bergani ma'lum qilingan edi.

Top