08:19 / 19.03.2021
1961
Fransiyaning 16ta departamentida 4 haftaga karantin kiritildi  
Foto: Getty Images

Fransiya hukumati mamlakatning 16ta departamentida epidemik vaziyat yomonlashgani sababli 4 haftalik karantin kiritishga qaror qildi. Karantin vaqtida oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa barcha do‘konlar yopiladi

Fransiya bosh vaziri Jan Kasteksning ma'lum qilishicha, gap poytaxt Parij joylashgan Il-de-Frans regionidagi 8ta, shimoldagi O-de-Frans regionidagi 5ta hamda Dengizbo‘yi Alplari (janub), Dengizbo‘yi Sena (g‘arb) va Er (g‘arb) departamentlari haqida bormoqda.

“Agar zarurat bo‘lsa, yangi cheklovlarni qolgan departamentlarga ham joriy qilamiz”, deb aytgan Kasteks. Uning ta'kidlashicha, karantin rejimi 20 mart soat 00:00dan amal qila boshlaydi. Komendantlik soati boshlanishi esa barcha departamentlarda soat 18dan 19ga ko‘chiriladi.

Karantin vaqtida oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa barcha do‘konlar yopiladi. Uydan 10 kmdan ko‘proqqa olislashga ruxsat berilmaydi. Sport bilan shug‘ullanish taqiqlanmaydi. 

Fransiya bosh vazirining ma'lum qilishicha, shifoxonalarga tobora ko‘proq yoshlar keltirilmoqda, bemorlarning shifoxonalarda davolanish muddati esa tobora cho‘zilmoqda.  

Shuningdek, 19 martdan aholini AstraZeneca vaksinasi bilan emlash davom ettiriladi. Avvalroq ushbu vaksinani qo‘llash u emlanganlarda tromb hosil qilishi mumkinligi sababli vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgandi. 

Kasteks hukumat aprel o‘rtasigacha 10 mln, iyun o‘rtasigacha esa 30 mln aholini (mamlakatning emlashdan o‘tish istagini bildirgan katta yoshli aholisining uchdan ikki qismi) emlash vazifasini o‘z oldiga qo‘yganini ma'lum qilgan. 

Bosh vazirning ta'kidlashicha, oxirgi haftada Fransiyada koronavirus tarqalishi jadallashgan. “Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yomonlashdi. Oxirgi haftada biz virus tarqalishi sur'atlari tezlashganini ko‘rmoqdamiz. Bizning vazifa - vaziyatni nazorat ostidan chiqarib yubormaslik”, deb aytgan bosh vazir. Uning aytishicha, hozirda Fransiyada epidemiyaning uchinchi to‘lqini kuzatilmoqda va Bretan regionida virusning yangi shtammi aniqlangani vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.    

Top