19:45 / 19.03.2021
3589
Musiqa maktablarini bepul qilish imkoniyatimiz yo‘q – Ozodbek Nazarbekov

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov jurnalist Sardor Rahmonqulovning nima sababdan musiqa maktablari pulli ekanligi haqida bergan savoliga javob berdi.

Ma'lum qilinishicha, mazkur maktablar Xalq ta'limi vazirligi emas, Madaniyat vazirligi tasarrufiga kirganligi sababli ota-onalar farzandlarini to‘lov asosida o‘qitishga majbur.

«Musiqa maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar ota-onalar to‘lagan badal pulidan oylik olishadi. Bu maktablar majburiy emas, to‘garak sifatida bo‘lgani uchun Xalq ta'limi vazirligiga qarashli emas. Faqat majburiy ta'limgina bepul amalga oshiriladi.

Musiqa maktablari azaldan pulli bo‘lgan, chunki unda o‘qish majburiy emas, ixtiyoriy. Lekin tanganing ikki tomoniniyam hisobga olishimiz kerak. Bepul qilish uchun imkoniyatimiz yo‘q – ustozlarga oylik budjetdan ajratilmaydi. Pullik bo‘lgani uchun shunaqa e'tirozlar yuzaga kelyapti», dedi u.

Ozodbek Nazarbekov shuning uchun Xalq ta'limi vazirligi hamda Madaniyat vazirligi hamkorlikda uyda mustaqil o‘rganish uchun individual qo‘llanma ishlab chiqilayotganini ma'lum qildi. Qo‘llanma asosida bola uyida milliy cholg‘u asboblarini chalishni o‘rganishi mumkin.

Hozirgi kunda faqat rubob cholg‘u asbobi uchun shunday qo‘llanma yaratilgan. Bu qo‘llanma bugun davlat rahbariga ham taqdim qilindi va ma'qullandi. Bosqichma-bosqich boshqa milliy cholg‘u asboblarining ham shunday qo‘llanmasi yaratiladi. Bu tizim orqali barcha yoshdagi qiziquvchilar smartfonda musiqiy ta'lim olishlari mumkin.

Madaniyat vazirining ta'kidlashicha, barcha musiqa maktablarida kam ta'minlangan oilalar farzandlari uchun kvotalar ajratilgan. Bu kvotalar o‘sha maktab quvvatining 25 foizidan oshmasligi kerak.

Top