21:11 / 19.03.2021
3716
Ozarboyjonda karantin rejimi 1 iyungacha uzaytirildi 

Ozarboyjon hukumati mamlakatda koronavirus pandemiyasi sababli kiritilgan alohida karantin rejimini 1 iyungacha uzaytirish haqida qaror qabul qildi. Qarorga ko‘ra, 31 maygacha shanba va yakshanba kunlari jamoat transporti ishlamaydi. 

Avvalroq karantin 1 aprelgacha amal qilishi belgilangandi.

Shuningdek, Navro‘z bayrami nishonlanishi vaqtida respublikada 20 martdan 29 martgacha jamoat transporti ishi to‘liq to‘xtatiladi.  

Ozarboyjonda 2020 yil 13 dekabrda eng yuqori kunlik kasallanish darajasi qayd qilingandan keyin 18 dekabrdan kasallanish holatlari soni kamayib borgan, biroq bir qator cheklovlar bekor qilinganidan keyin 2021 yil fevralidan yana ko‘paya boshlagan. 18 mart kuni Ozarboyjonda koronavirusning britancha shtammiga chalinish bo‘yicha 3ta holat qayd qilingani ma'lum qilindi.     

18 yanvardan mamlakatda aholini Xitoyning Sinovac Biotech kompaniyasining CoronaVac vaksinasi bilan emlash boshlangan. Respublika rahbariyati ushbu vaksinadan 4 mln doza sotib olishga shartnoma tuzgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 500 mingdan ko‘proq kishi ushbu vaksina bilan emlanib bo‘lgan. O‘tgan hafta respublikada, shuningdek, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini qo‘llashga ruxsat berilgan.

Top