10:30 / 19.03.2021
3662
“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi “Uzbekneftegaz GTL” zavodida texnologik jarayonlarni o‘rgandi

“Uzbekneftegaz GTL” zavodida olib borilayotgan investitsion loyiha holatini o‘rganish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari qurilish maydonida bo‘ldi.

Bugungi kunda loyiha o‘zining yakuniy bosqichiga yetib keldi. Umumiy ishlar ko‘lamining 95 foizi bajarildi.

Zavodning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlari yakunlanib, obodonlashtirish ishlari faol sur'atlarda amalga oshirilmoqda, asfalt yotqizish ishlari boshlanib, bo‘yoq va izolyatsiya ishlari davom ettirilmoqda.

Boshqaruv raisi zavodning texnologik hududlarida ishga tushirish oldi ishlari va quvur, uskunalarning sinov ishlari jarayoni bilan batafsil tanishib chiqdi.

Loyiha doirasida bajarilayotgan ishlar davom ettirilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

“Ishchi guruh” a'zolarining qurilish-montaj ishlari holati bilan tanishish jarayonida, “Uzbekneftegaz GTL” zavodida birinchi qozonxona qurilmasidagi holat o‘rganildi.

Quvonarlisi, qozonxona qurilmasi o‘rganish vaqti davomida ishga tushirildi va Boshqaruv raisining ruxsati bilan Zavodda bug‘ ishlab chiqarilishi boshlandi.

Ta'kidlash kerakki, hosil bo‘lgan bug‘ zavodning texnologik va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, tez orada zavodda bug‘ turbina generatorlari ishga tushirilib, buning natijasida zavod bug‘ energiyasi tufayli o‘z elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, loyihaning bosh pudratchilari – Koreyaning “Hyundai Engineering”, “Hyundai Engineering&Construction” hamda “Enter Engineering» (Singapur) konsorsiumi tomonidan zavodda uskunalarni ishga tushirish ishlari faol sur'atlarda olib borilmoqda.

Ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarishda hozirgi kunda 500 donadan ziyod texnika jalb etilgan bo‘lib, qurilish maydonida 9,5 ming nafardan ortiq kishi mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

“Uzbekneftegaz GTL” zavodi matbuot xizmati

Top