14:22 / 19.03.2021
25171
Prezident: «Chirchiqdagi «to‘rtlik»ni ishdan olmoqchi edim, Hidoyatov iltimos qilib olib qoldi»

Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, sessiyada ishtirok etgan va viloyatga yangi hokim tavsiya qilgan Shavkat Mirziyoyev Chirchiq shahar “to‘rtligi” haqida gapirdi.

“Chirchiqdagi to‘rtta sektor rahbarini kechaning o‘zida ishdan olib tashlamoqchi edim. Davron Hidoyatov “yana bir marta imkoniyat bering”, deb iltimos qilib olib qoldi. Chirchiqqa endi alohida e'tibor beramiz. Yo‘llar, kommunal tizim, hammasi qayta ko‘rib chiqiladi. Zarur bo‘lsa, TTZ zavodini ham Chirchiqqa ko‘chiraylik, juda ko‘p ishlab chiqarish obektlari bo‘sh yotibdi.

Toshkentda esa bizga yer kerak. Chirchiqda poytaxtdan yiliga kamida 100 ming kishi borib dam oladigan yirik bog‘ barpo qilish bo‘yicha aniq taklif beringlar”, dedi davlat rahbari.

Bundan oldin, davlat rahbari Chirchiq shahridagi holat haqida gapirib o‘tgandi.

“Hokimlarda tashabbus yetishmayapti. Kecha Chirchiqqa borganimdan xabaringiz bor, u shahardagi ahvolga maymunlar yig‘laydi. Bu shaharning ahvoli meni qattiq o‘yga toldirdi. Mayli, infrastruktura muammosi bordir, lekin daraxtni oqlasa, ariqlarni tozalasa bo‘ladi-ku.

Men qayerga borishimni aytmayman, deganman. Necha kishiga oylik beryapmiz, prokuror, soliqchi, ichki ishlar... Nega xalq orasiga kirib, muammolarni o‘rganmaydi? Minglab aholi “uy bering”, deb turibdi. Nega hech kim Buxoro tajribasini o‘rganmaydi? Buxoroda qiyin bo‘lsa ham ikki qavatli uylar o‘rniga qancha uylar barpo qilindi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top