11:24 / 19.03.2021
5521
Prezident O‘zbekiston konlari salohiyati bo‘yicha gapirdi 

Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda va unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etyapti.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari O‘zbekiston konlarining salohiyati haqida gapirib o‘tdi.

“Sizlarga bir sir haqida ozgina gapirmoqchiman, vaqti kelib bu masala haqida batafsil aytaman. O‘zbekiston geologiyasi juda kuchli edi, afsuski ko‘p yillar bu soha orqaga ketdi. Hozir hammasini boshidan boshlayapmiz. Bir yangilik – geologiya bo‘yicha dunyo tan olgan ekspertlarni taklif qildim. Ularning xulosasi soha uchun jahon bo‘yicha qonun darajasida. Bu ekspertlar O‘zbekistonni o‘rganishyapti va juda ulkan salohiyatlar haqida ma'lumotlar aytishyapti.

Birgina misning o‘zidan 44 mln tonnadan ortiq zaxira aniqlanyapti. Boshqa nodir metallar haqida ham ma'lumotlar bor va vaqti kelsa ular haqida ham bilib olasizlar. Misning ahamiyati juda katta, dunyo elektrmobillarga o‘tyapti va bu metall narxi endi oltindan ham tezroq o‘sa boshlaydi. Alloh taoloning o‘zi bizni qo‘llab turibdi”, dedi prezident.

Bundan oldin, davlat rahbari Toshkent viloyati sobiq hokimi Rustam Xolmatov nega ishdan olinganini ma'lum qilib, viloyat bo‘yicha alohida qonun qabul qilinishini aytgandi.

Top