11:46 / 19.03.2021
44901

Prezident Rustam Xolmatov nega ishdan olinganini ma'lum qildi

Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda. 

Rustam Xolmatov

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sessiyada so‘zga chiqqan davlat rahbari viloyat salohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Bu yerda yirik korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Boshqa viloyatlarga nisbatan sizlarning oldingizda qarzimiz bor, Toshkent viloyatiga yaxshi hokim topa olmayapmiz. Boshqa viloyatlarda hokimlar o‘n yillab ishlayapti, ammo aholisi deyarli 3 million kishi bo‘lgan ulkan viloyatga yaxshi yo‘lboshchi topish muammosi sizlar kabi meni ham o‘ylantiradi. 

Rustam Xolmatovning o‘zi ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozdi, men uni o‘sha payt ishdan bo‘shatish niyatim yo‘q edi. Uning o‘zi bugungi kun talabini tushunib shu qarorga keldi, men ham unga yarasha ish berdim. Lekin 22 tuman va 7 shahar hokimlarining birortasi o‘zi ariza yozgani yo‘q, Xolmatov singari mard bo‘lib xatosini tan olmadi, agar kimdir shunday qilganida uni ishdan bo‘shatmay har taraflama qo‘llab-quvvatlardim”, dedi prezident. 

Prezident keyingi vaqtlarda viloyatda shunga yarasha dadil harakatlar sezilmayotgani, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyat to‘liq ishga solinmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. O‘tgan yili investitsiyalar hajmi 2019 yilga nisbatan 17 foizga kam bo‘lgani aytildi.

Ma'lumot uchun, Rustam Xolmatov 2019 yil 4 iyundan Toshkent viloyati hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi. U 2021 yilning yanvar oyi oxirida lavozimidan ozod etildi.

Rustam Xolmatovning o‘rniga Toshkent shahar hokimining sobiq birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Top