12:10 / 19.03.2021
10325
Shavkat Mirziyoyev: «Toshkent viloyati bo‘yicha alohida qonun qabul qilamiz, bu hudud bilan shaxsan o‘zim shug‘ullanaman»

Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda va unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etyapti.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari Toshkent viloyati bo‘yicha alohida qonun qabul qilinishini bildirgan.

“Toshkent viloyatidagi eng jiddiy muammolardan biri nima, desangiz aytaman – yerga bo‘lgan munosabat. Umuman, Toshkent viloyatida agronomlik sohasida jiddiy muammolar bor. Endi Toshkent viloyatidagi yerlarning holatiga bevosita bosh prokuror mas'ul va javobgar bo‘ladi. Bu viloyat bilan shaxsan o‘zim shug‘ullanaman, bevosita mening nazoratimda bo‘ladi. 

Shuning uchun, masala jiddiyligini inobatga olib, Toshkent viloyati bo‘yicha alohida qonun qabul qilamiz. Mayli, u vaqtincha bo‘lsin, lekin Toshkent viloyatidagi vaziyatni o‘nglamasak bo‘lmaydi. 

Kecha Chinozga borganimda ko‘rdim, bir tadbirkor 1000 gektar yerni obod qilyapti. Mardlik bilan ariza yozmagan hokimlardan necha nafari Chinozga borib, shu yangilikni o‘rganyapti?

Tomgacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydardik. 100 yil egilib paxta terdik, lekin 3 yildan beri 6,5 mln terimchi paxta termayapti. Bu juda mashaqqat evaziga erishildi, ko‘pchilik o‘ylaganday oson bo‘lgani yo‘q. G‘allada ham hosildorlikni 100 sentnerga chiqarishimiz lozim”, dedi prezident.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati sobiq hokimi Rustam Xolmatov nega ishdan olinganini ma'lum qilgandi.

Top