23:58 / 19.03.2021
15960
Xitoyda Tesla avtomobillarida harbiy obektlar hududiga kirish taqiqlandi 
Foto: AP

Xitoyda harbiy obektlar va garnizonlar hududiga Tesla avtomobillarida kirish taqiqlab qo‘yildi. Ma'lum qilinishicha, bu taqiqlov avtomobillarga o‘rnatilgan kameralar biror maxfiy ma'lumotni yig‘ishi va muayyan obektlarning joylashuvini oshkor qilishidan xavotir sababli kiritilgan.   
        
Bloomberg’ning vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, harbiy qo‘mondonlikning tegishli buyrug‘ida Tesla avtomobillari egalariga o‘z mashinalarini harbiy obektlar hududidan tashqarida qoldirish va ulardan ish vaqtida foydalanmaslik tavsiya qilingan. 

Tesla avtomobillarida haydovchiga mashinani avtoturargohga qo‘yishda va avtopilot rejimida yurishda yordam beruvchi bir nechta kichik o‘lchamli tashqi kameralar mavjud. Manbalarning ta'kidlashicha, bu kameralar Tesla maxfiy axborotni yig‘ishi, Xitoy rasmiy idoralari esa buning oldini ololmasligi va nazorat qila olmasligi xavotirini tug‘diradi. 

Ta'kidlanishicha, Xitoy hukumati bir qator agentliklariga o‘z xodimlariga ish vaqtida Tesla mashinalaridan foydalanmaslikni taklif qilish haqida ko‘rsatma bergan. Shuningdek, Tesla’larning mudofaaga aloqador soha va davlat muassasalarida ishlovchi xodimlari yashaydigan turar joy majmualariga kirishi ham taqiqlangan. Xodimlarga hukumat Tesla avtomobillari o‘z kameralari va boshqa datchiklari yordamida atrofdagi turli hodisalarni yozib olishi mumkinligidan xavotirlanayotgani ma'lum qilingan.   

Tesla’ning Xitoydagi vakolatxonasida Bloomberg’ga izoh berishdan bosh tortishgan. Xitoy mudofaa vazirligidan ham hech qanday javob bo‘lmagan.

Top