08:13 / 20.03.2021
2757
Kimlar bojxona auditidan o‘tkazilishi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

Foto: Norma.uz

Norma’ning yozishicha, nizomga muvofiq bojxona auditi ko‘zlangan maqsadlardan kelib chiqib, kameral yoki sayyor shaklda, quyidagi vakolatli shaxslarga nisbatan o‘tkaziladi:

  • deklarant;
  • tashuvchi;
  • bojxona ombori bo‘lmagan joylarda tovarlarni bojxona nazoratida saqlayotgan shaxs;
  • bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo do‘koni va erkin ombor egalari;
  • importchi, yuk qabul qiluvchi, tovarlarga nisbatan moliyaviy tartibga solish uchun javobgar shaxslar;
  • chiqarib yuborilgan tovarlarni sotib oluvchilar;
  • vakolatli iqtisodiy operator;
  • vakolatli shaxsning barcha moliyaviy va huquqiy majburiyatlarini o‘z zimmasiga olgan shaxslar.

Bojxona auditini amalga oshirish jarayoniga, zaruratga ko‘ra, maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega, xolis, audit natijalaridan manfaatdor bo‘lmagan mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.

Bojxona auditi tovarlarning bojxona nazorati ostida bo‘lishi muddati tugagan paytdan e'tiboran 3 yil davomida amalga oshirilishi mumkin. Bojxona auditi bo‘yicha hujjatlar «Bojxona auditi» tizimida qayd etib boriladi.

Nizomda aynan bir tovarga nisbatan takroriy bojxona auditi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgan.

Kameral bojxona auditi va sayyor bojxona auditini o‘tkazish muddatlari tegishincha 10 va 30 ish kunidan oshmasligi lozim.

Kameral bojxona auditini o‘tkazish uchun «Bojxona auditi» tizimidagi quyidagilar asos bo‘ladi:

  • bojxona organlari axborot dasturlarining ma'lumotlari tahlili natijasida kameral bojxona auditini o‘tkazish bo‘yicha aniqlangan xavf darajalari;
  • xorijiy davlatlar tegishli organlaridan olingan ma'lumotlarning bojxona organlaridagi ma'lumotlarga mos kelmasligi.

Sayyor bojxona auditi tekshiruvlarni ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli vakilni xabardor qilgan holda o‘tkaziladi.

Tekshiruv o‘tkazish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:

  • bojxona organlari axborot dasturlarining ma'lumotlari tahlili natijasida sayyor bojxona auditini o‘tkazish bo‘yicha aniqlangan xavf darajalari;
  • bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkinligini ko‘rsatuvchi kameral bojxona auditi natijalari;
  • bojxona organlari talabiga asosan belgilangan muddat ichida xabarnomada ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar va (yoki) ma'lumotlar taqdim etilmasligi;
  • kameral bojxona auditi natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma yuzasidan vakolatli shaxs e'tirozi bo‘lgan savollarga aniqlik kiritish zarurati yuzaga kelganda.

Bojxona auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1.05.2021 yildan kuchga kiradi.

Top