01:52 / 20.03.2021
3991
Tuman va shaharlar budjeti xarajatlarining 5 foizi fuqarolar ishtirokida sarflanishi belgilanmoqda

Prezident qarori loyihasida 2021 yildan eksperiment tariqasida fuqarolik budjeti joriy etiladigan tumanlar va shaharlar tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda. 2022 yildan esa barcha hududlar qamrab olinishi belgilanyapti.

«Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi muhokamaga chiqarildi.

Loyihada 2021 yildan boshlab eksperiment tariqasida fuqarolik budjeti joriy etiladigan tumanlar va shaharlar tasdiqlanishi belgilanmoqda.

2022 yildan boshlab fuqarolar tashabbusi jarayoni uchun barcha tumanlar va shaharlar budjetlari tasdiqlangan xarajatlarining 5 foiziga teng miqdordagi mablag‘lar hamda qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi yo‘naltirilishi mumkin.

Loyihada qayd etilishicha, jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga tuman (shahar)lar budjetlari mablag‘larini ajratish va ulardan foydalanish jarayonida taklif qoldirish, ovoz berish va takliflarni saralab olish, tadbirlar ijrosini monitoring qilish «Ochiq budjet» axborot portali orqali amalga oshiriladi.

Hujjat bilan 2021 yilning 1 aprelidan tuman va shaharlar hokimliklari moliya bo‘limlarining tashkiliy tuzilmasiga 1 shtat birligi miqdorida fuqarolar tashabbusi budjeti mablag‘larining shakllanishi va sarflanish jarayonini boshqarish bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Loyihada keltirilishicha, Moliya vazirligi dastlabki jarayonda respublika budjeti hisobidan eksperiment tariqasida tanlab olingan tuman (shahar)lar budjetlariga bir hafta muddatda 92,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta'minlaydi.

Shuningdek, 2021 yilning 1 iyuniga qadar fuqarolar ishtirokidagi tashabbusli budjetlashtirishni rivojlantirish dasturi va uning amalga oshirilishi yuzasidan yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.

Bunda fuqarolar tashabbusi asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash hamda ularning tumanlar va shaharlar budjetlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish uchun mezonlarga mosligini monitoring qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Har bir hudud o‘z xususiyatidan kelib chiqqan holda, tanlab olingan loyihalarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni ajratish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 22 avgustda O‘zbekiston prezidentining «Budjet ma'lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.

Hujjatga muvofiq, 2019 yildan boshlab budjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokini ta'minlash, tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish mexanizmi joriy etilgan.

Top