13:05 / 20.03.2021
8730
Urgutdagi savdo markazi oldida yuz bergan janjal oqibatida bir kishi og‘ir jarohat oldi

2021 yilning 2 mart kuni soat 21:00da 43 yoshli G‘afur S. ukasi, 37 yoshli Shavkat S. bilan Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan “Korzinka.uz” savdo markazi oldida 29 yoshli Hasan O‘.ni qo‘l va oyoqlari hamda tayoq bilan urib, unga jarohat yetkazgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertiza xulosasida Hasan O‘.da og‘ir tan jarohatlari aniqlangani ko‘rsatilgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, Hasan O‘. G‘afur S.ning turmushga chiqmagan qizi sha'nini bulg‘ash maqsadida gap-so‘z tarqatib yurganligi sababli ushbu jinoyat sodir bo‘lgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan G‘afur S. va Shavkat S.ga nisbatan Jinoyat kodeksi 104-moddasi 2-qismi “k,l” bandlari (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat kodeksi normalariga ko‘ra, bu turdagi jinoyatlar uchun besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Top